Nukus garnizonida jadidchilik harakati haqida maʼruzalar tinglandi

0
955

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Jadidchilik harakatining oʻzbek milliy maʼnaviy taraqqiyotida tutgan oʻrni va ahamiyati” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Unda muddatli harbiy xizmachilar, Ajiniyaz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining oʻqituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.

Tadbirda institut talabalari tomonidan Turkistonda XIX asr oxiri – XX asr boshlarida yuzaga kelgan jadidchilik harakati, oʻsha davrning eng ilgʻor jadidlari va ularning Vatanimiz rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi haqida maʼlumotlar berildi.

Ezgu maqsad yoʻlida kurashgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon, Avloniy kabi oʻnlab taraqqiyparvar insonlarning asarlari toʻgʻrisida ham fikr yuritilib, milliy oʻzlikni uygʻotishga qaratilgan gʻoyalari bugungi kunda ham muhim va dolzarb ekanligi alohida taʼkidlab oʻtildi.

Shundan soʻng, askarlar va talaba-yoshlar tarkibidan iborat jamoalar oʻrtasida jadidchilik harakatiga bagʻishlangan savollarga boy “Zakovat” intellektual oʻyini tashkil etildi. Sogʻlom raqobat ostida oʻtgan bellashuv yoshlarning bilimga chanqoqligini, keng dunyoqarashini namoyon etdi.

Uchrashuv yakunida mehmonlarga Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarix muzeyiga sayohat tashkil etilib, u yerdagi eksponatlar haqida batafsil maʼlumotlar yetkazildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati