“Alisher Navoiy ijodi – beqiyos maʼnaviy xazina”

0
1633

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda buyuk shoir va mutafakkir, gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy ijodi – beqiyos maʼnaviy xazina” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda harbiy xizmatchilar, shoir va olimlar, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari hamda kursantlar ishtirok etdi.

Tadbirda navoiyshunos olimlar mumtoz adabiyotda Alisher Navoiy shaxsi mutlaqo oʻzgacha oʻringa egaligi, oʻz zamonasida ham, keyinchalik ham adabiyotimiz durdonasi sifatida qadrlangan asarlarining salmoqli qismini turkiy tilda yaratgani, Navoiy nafaqat shoir, balki siyosat arbobi, ishbilarmon diplomat sifatida ham nom qozongani, asarlaridagi komil inson gʻoyasining oʻziga xos talqini xususida soʻz yuritdilar.

Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi oʻquvchilari Alisher Navoiyning hikmat marjonlari toʻla dengizga qiyoslangan merosidan namunalar ijro etgani tadbirga oʻzgacha shukuh baxsh etdi.