Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan hamkorlik

0
1563

Andijon garnizonidagi harbiy qism va Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Harbiy qism bilan hamkorlikda o‘quvchi yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tuzilgan mazkur memorandumda o‘quvchi yoshlar uchun harbiy qismda “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini muntazam o‘tkazish, “Vatanga xizmat – oliy fazilat” mavzusidagi davra suhbatlari, harbiy xizmatchilar va yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari, kitob yarmarkalarini tashkil etish, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar va o‘quvchi-yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarini o‘tkazish, “Mohir mergan”, “O‘q otish” kabi harbiylashtirilgan sport musobaqalari, “Jasorat” darslari hamda kasb-hunar maktabida “Qo‘l jangi” to‘garagini tashkil etish rejalashtirilgan.

Mutasaddilar tomonidan memorandumda ko‘rsatilgan tadbirlarni sifatli tashkillashtirish va o‘tkazish masalalari kelishib olindi. Mazkur hujjat yoshlarni vatanparvarlik, yurt himoyachisidek sharafli kasbga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga katta hissa qo‘shadi.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati