Ilk ofitserlik unvoni muborak, leytenantlar!

0
9288

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida malaka oshirish fakulteti “Ofitserlar tayyorlash kursi”ning navbatdagi bitiruviga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi.

Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonandalarining ona Vatan, tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlari va diltortar raqslar bilan boshlangan tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda milliy armiya qudratini yanada mustahkamlashda yetuk malakali ofitser kadrlarning oʻrni muhimligini taʼkidladi.

Bitiruv marosimida kurs tinglovchilariga sertifikat va ilk ofitserlik unvoni tantanali ravishda topshirildi.

– Bilim yurtida 45 kun davomida harbiy xizmatchilar taktik, texnik, aloqa, otish, jismoniy, muhandislik hamda saf tayyorgarligi, harbiy topografiya, radiatsion, kimyoviy-biologik muhofaza tayyorgarligi kabi fanlarni oʻzlashtirdi, – deydi Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti malaka oshirish fakulteti boshligʻi polkovnik Hazrat Yoqubov. – Har bir fan boʻyicha yakuniy nazorat tekshiruvi, test va majmuaviy imtihon oʻtkazildi. Bu maskanda olingan bilim va koʻnikmalar bitiruvchilarimizning kelgusi xizmat faoliyatiga tatbiq etib, yurtimiz mudofaa qudratiga munosib hissa qoʻshishiga ishonamiz.

– Ofitserlar safida turganimdam benihoya xursandman, – deydi kurs bitiruvchilaridan biri leytenant Jasur Nurimov. – Bu yerda olgan bilimlarim kelajakda asqotishi shubhasiz. Bugungi kun bir umr yodimda qoladi, chunki 15 yildan ziyod vaqt mobaynida serjant unvonida xizmat qildim. Harbiy xizmat meni hayot sinovlariga bardoshlilik va qatʼiyat, barcha qiyinchiliklarni sabot bilan yengib oʻtishga oʻrgatdi. Shu kunga qadar beminnat bilim bergan ustozlar, xizmat saboqlarini oʻrgatgan barcha murabbiylarimdan minnatdorman.

Katta leytenant Dilshod ROʻZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti