Qashqadaryoda “Harbiy qismda bir kun” loyihasi tashkil etildi

0
1601

Nishon tumanida joylashgan harbiy qismlarning birida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati Kengashi bilan hamkorlikda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda harbiy sohaga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida “Harbiy qismda bir kun” loyihasi tashkil etildi.

Dastavval mehmonlarga harbiy texnika va qurol-aslahalar koʻrgazmasi namoyish qilindi. Oʻz navbatida, yigit-qizlar harbiy qismda yurt himoyachilari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.

Shundan soʻng harbiylar va yoshlar oʻrtasida turli sport musobaqalari oʻtkazildi. Stol tennisi, turnikda tortilish, armrestling, voleybol hamda oʻq otish kabi musobaqalar mahoratli va epchil yoshlarni sinovdan oʻtkazdi.

Ishtirokchilar harbiy qismdagi muzey, kutubxona faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar. Ular uchun Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi tematik sinflarida dars mashgʻulotlari tashkil etildi. Harbiylikning sharafli va masʼuliyatli ekani haqida tushunchalar berildi.

Kun davomida boʻlib oʻtgan “Harbiy qismda bir kun” loyihasi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirgani bilan ahamiyatli boʻldi.