Yoshlar bilan manzilli ishlash – aniq vazifalar belgilandi

0
2927

Bugun mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Joriy yil davlatimiz rahbari tomonidan “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinishi ham bejiz emas. Shuningdek, shu yilning 12-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ham yoshlar masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Masʼullarga mazkur yoʻnalishda bajarilishi lozim boʻlgan bir qator muhim topshiriqlar berildi.

Xususan, belgilangan topshiriqqa muvofiq 4 million nafar yoshlar tegishli vazirliklarga sektorlar kesimida taqsimlanib, Mudofaa vazirligiga 1 million yoshlarni otaliqqa olish, bu ishlarni respublikamizning 1-sektorlari bilan hamkorlikda amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari rahbarligida vazirlik tizimidagi barcha harbiy qism va muassasalar mansabdor shaxslarining vazifalarini belgilash boʻyicha videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari, hamkor tashkilotlar vakillari va Yoshlar ishlari agentligining harbiy-vatanparvarlik boʻlimi boshligʻi Akmal Alimov ishtirok etdi.

Yigʻilishda otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash tartibi aniq belgilab berildi. Jumladan, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha ishlarni amalga oshirish, muammoli, uyushmagan, ijtimoiy-huquqiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan manzilli ishlarni tashkil etish, ularni kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha chora-tadbirlar muvofiqlashtirib olindi.

Shuningdek, mutasaddi rahbarlarga hududlarda tashkil etilgan shtablarga 1 nafardan, har bir biriktirilgan mahallalarga yoshlar bilan amaliy ishlarni tashkil etish boʻyicha yuqori bilim va salohiyatga ega 3 nafardan harbiy xizmatchilarni biriktirish boʻyicha vazifalar belgilandi.

Yoshlar ishlari agentligining harbiy-vatanparvarlik boʻlimi boshligʻi yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha oʻz fikr va mulohazalarini bildirib oʻtib, bu borada yaqin koʻmakchi va namuna boʻlayotgan Mudofaa vazirligiga oʻz minnatdorligini bildirdi. Shuningdek, yoshlar bilan amalga oshiriladigan ishlarning monitoringini olib borish boʻyicha ishga tushiriladigan elektron platforma boʻyicha maʼlumot berdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti