“Zahiriddin Muhammad Bobur izidan” tanlovining okrug bosqichi gʻoliblari aniqlandi

0
867

Markaziy harbiy okrugning Maʼnaviyat va marifat markazida harbiy xizmatchilarni jahon tarixida oʻchmas iz qoldirgan betakror siymo, buyuk shoir, qomusiy olim, davlat arbobi va mohir sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning beqiyos ilmiy-ijodiy merosi, milliy madaniyatimiz va xalqimizning adabiy-estetik tafakkuri shakllanishi hamda ilmi-fani va davlatchiligi tarixini oʻrganishga yoʻnaltirilgan “Zahiriddin Muhammad Bobur izidan” nomli tanlovning okrug bosqichi boʻlib oʻtdi.

Tanlovda okrug tasarrufidagi harbiy qism va muassasalardagi harbiy xizmatchilaridan tashkil topgan 15 ta jamoa vakillari ishtirok etdi. Tanlov uchta shart boʻyicha o‘tkazildi:

  • “Zahiriddin Muhammad Bobur — oʻzbek mumtoz adabiyotining buyuk namoyandasi”,
  •  “Zahiriddin Muhammad Bobur mohir va isteʼdodli sarkarda”,
  • “Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistondagi Boburiylar imperiyasi asoschisi”.

Ushbu shartlarda ishtirokchilarni odilona, shaffof baholab borish uchun Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, “Nuroniy” jamgʻarmasi Samarqand shahar boʻlimi vakillari, Oʻzbekiston—Finlyandiya pedagogika instituti professorlari hamda Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazi xodimlari hakamlik qildi.

Qizgʻin va bahs-munozaraga boy oʻtgan tanlov davomida harbiy xizmatchilar buyuk ajdodimizning boy tarixini nechogʻlik bilishlarini amalda namoyon etib, vazirlik bosqichi uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati