Ijodkor harbiy xizmatchilar o‘rtasida bellashuv o‘tkazildi

0
977

Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi bilan bir vaqtda ularning maʼnaviy dunyoqarashini kengaytirish, adabiyot va sanʼatga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish ham muhim vazifa sifatida ilgari surilmoqda.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Xonobod qoʻrgʻonida joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari oʻrtasida “Yangi Oʻzbekiston ranglar jilosida” mavzusida ijodkorlar bellashuvining tashkil etilishi ham ayni shu maqsadlarga qaratildi.

Harbiy xizmati davomida rassomchilikda oʻz qobiliyatini namoyon eta olgan ijodkor harbiy xizmatchilar saralanib, bellashuvlarga start berildi. Badiiy ijodkorlik uyshmasi Qashqadaryo viloyati boʻlimi bilan hamkorlikda oʻtgan tanlov jarayonlarini soha mutaxassislari nazorat qilib bordilar.

Egniga harbiy libos kiyib, qalamni ham quroli kabi mohirlik bilan ishlata oladigan ijodkor harbiylar mutaxassislar tomonidan eʼtirof etildi. Mazmunan va sifat jihatdan mukammal asar mualliflari diplom, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Jarayonlarda mohir ijodkorlarning rasmlar koʻrgazmasi ham boʻlib oʻtdi. Tadbir harbiy xizmatchilarni madaniyat va sanʼatga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirgani bilan ham ahamiyatli boʻldi.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati