OZODLIK FRONTIDAGI JADIDLAR

0
1185

Ular chin maʼnoda xalqning uygʻoq yuragi, oydin koʻzlari edi. Garchi shiddat bilan yuzaga kelgan yangi kuchlar bora-bora tuzum mafkurasini agʻdara olmagan boʻlsa-da, ammo koʻp sonli turkiy millatning fikri va orzularini uygʻota oldi.

Taniqli olim Boyboʻta Doʻstqorayevning “Jadidlar qanday ijtimoiy tuzumni orzu qilganlar” nomli maqolasida harakatning vujudga kelishi va ularning asl maqsadlari haqida hikoya qilinar ekan, jumladan, shunday deyiladi:

– Jadidlar Turkistonni, jumladan, Oʻzbekistonni mustaqil davlat holida koʻrishni orzu qildilar. Ular shu yoʻlda jon fido qilgan holda kurash olib bordilar. Bugungi Oʻzbekistonning mustaqil davlat sifatida shakllanishida, shak-shubhasiz, ularning ham hissasi bor.

Biz esa quyida nomlari zikr etilgan yurtdoshlarimiz misolida sizga ozodlik va erk, toʻgʻrilik va adolat, sodiqlik va mardlik yoʻlini tanlagan qahramonlar haqida hikoya qilishda davom etamiz. Zero, tarix qanchalik achchiq boʻlmasin, barchamiz uchun ibrat va dars boʻladigan bebaho kitobligicha qoladi.

HOJI ABDUSATTORBEK INOQ DODXOH

Abdusattorbek 1864-yil Amir Muzaffarning qushbegisi Muhammad Yoqubbek xonadonida dunyoga kelgan. Yetti yoshga toʻlganida otasidan ayrilgan Abdusattorbek anʼanaga koʻra amirlik qaramogʻiga olinib, 18 yoshgacha saroyda yashab, oʻqib, harb va davlat ishlarini oʻrgandi. Amir Abdulahadxon Abdusattorbekka miroxoʻr unvonini berib, Buxoroning Juguton guzaridan yer ajratib beradi. U avval yigirma besh yoshida toʻqsabo unvoni bilan Karki bekligiga tayinlangan boʻlsa, keyinchalik, yaʼni 1893-yildan Sharqiy Buxoroda sarkardor vazifasida ish boshlaydi. Soʻng Buxorodagi 9-piyoda batalyonga 12 yil davomida qoʻmondon boʻlib, biy unvonini oladi.

Amir Abduahadxon vafotidan soʻng Abdusattorbek saroyga ishga olinadi. 1913-yil haj ziyoratini ado etgan Abdusattorbek, dodxoh unvoniga ega boʻlib, Buxoro mirshabboshisi lavozimiga tayinlanadi. 1916-yil esa oliy bosh qoʻmondon toʻpchiboshi lavozimini egallaydi.

Vaziyatni chuqur anglab borgan Abdusattorbek “Kolesov voqealari” davrida qizil askarlarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib boradi. Oradan koʻp oʻtmay, hoji Abdusattorbek jadidlar bilan aloqada gumon qilinib, ishdan olinadi va uning oʻrniga Rahmonqulibek dodxoh toʻpchiboshi etib saylanadi. Abdusattorbek esa Koʻlobga beklik vazifasiga tayinlanadi. Biroq, 1919-yil boshlarida “ruslar bilan aloqada” degan gumon bilan ishdan boʻshatilib, qamoqqa olinadi va bor mulklari musodara etiladi. Sakkiz oylik qamoqdan soʻng, 1920-yilning iyunida Buxoroda shaxsan amir tomonidan oʻtkazilgan tergovda unga qilingan chaquvlarning hammasi boʻhtonligi maʼlum boʻladi.

Frunze rahbarligidagi qizil askarlar hujumi vaqtida Hoji Abdusattorbek inoq dodxoh amir Olimxonning yonida turdi. U sogʻ-omon Dushanbega yetib borgach, Farmonqulibek dodxoh biy bilan Amir Olimxonning ishonch yorligʻini olib, Qobilga – Omonulloxon huzuriga yoʻl oladi. Amir Olimxon Sharqiy Buxoroda kurashni davom ettira olmasligi maʼlum boʻlgach, Afgʻoniston hukumatidan boshpana soʻraydi. Muzokaralar davomida Afgʻoniston tomoni amirdan harbiy rutbadagi mulozimlarini chiqarib yuborishini talab qiladi. Shundan soʻng Abdusattorbek inoq amirning roziligini olib, BXSR hukumati vakili Rahimxon Yusufzoda bilan vatanga qaytadi. Fayzulla Xoʻjayev unga barcha mulklarini qaytarib, Ziyovuddin, Shahrisabz hududlari soliq boshqarmasiga ishga oladi. 

1925-yil 13-aprel kuni hoji Abdusattorbek qamoqqa olinadi va 31-may kuni soʻroqda: – Aslida boshimizga kelgan balolarga amir ham, harbiylar ham emas, koʻproq minglab mutaassib kuchlarga tayangan mufti, qozikalon va raislar aybdor edi. Ular Manifestni ijrosiga yoʻl bermadi, Kolesov bilan sulh muzokaralarini yoʻqqa chiqardi. Eng yomoni, jadidlarni dushman bilib, xalqni boʻlib tashlashgan edilar, – deydi. Buxoro hukumati rahbarlari bilan aloqalari haqidagi tergovchining savoliga esa: – Men ularga boʻhton qila olmayman va buning nima uchun sizlarga kerakligini ham bilaman. Men qarib qolgan odamman. Endi sizning davlatingizga xavf tugʻdira olmayman. Toʻgʻri, tilim bilan uch amirning xizmatida boʻldim, yolgʻon soʻzlab tirik qolgandan oʻlimimni afzal bilaman, – deydi.

Darhaqiqat, hoji Abdusattorbek 1926-yil 6-mart kuni Toshkent turmasida vafot etadi.

SAHOVATLI ABDULLABEK BOLTABEK OʻGʻLI

Abdullabek 1870-yil buxoroning yirik qorakoʻl savdogarlaridan Boltabek Saidbekov xonadonida tugʻilgan. 1917-yilgacha oʻzi ham amirlikning yirik qorakoʻl savdogarlaridan biriga aylanishiga qaramay, “Yosh buxorolik” harakatini qoʻllab-quvvatlaydi. Shuning uchun u 1918-yil jadidchilikda ayblanib, qamoqqa olinadi va yuz ming soʻm miqdorida jarima toʻlab, oʻz jonini saqlab qolishga erishadi. Shundan soʻng, Turkiyada oʻqiyotgan buxorolik va turkistonlik talabalarga homiylik qiladi.

Buxoroda amir hukumati agʻdarilganidan soʻng Vatanga qaytib, 1920-21- yillar Buxoro davlat savdo idorasida ish olib boradi va asosan uning tashqi savdosini yoʻlga qoʻyishga kirishadi. 1922-yil Buxoro hukumati Olimjon Idrisiy va Abduvohid Burhonovlar rahbarligida 100 ga yaqin turkistonlik yoshlarni Germaniyaga tahsil olish uchun yoʻllaydi. Buxoro Xalq Jumhuriyati Tashqi savdo noziri Mirzo Abdulqodir, Muhiddin Mansurov, Abdullabek Boltabekovni katta miqdorda qorakoʻl terisi bilan Germaniyaga yoʻllaydi. Abdullabek mahsulotlarni Ozarbayjondagi BXR doimiy vakili Muhiddin Hakimov yordamida hujjatlashtirib, Boku – Botumi – Istambul orqali Berlinga olib boradi. Ular Abduvohid Burhonov, Yusufboy biy (general) Muqumboyev va yahudiy shifokori Adeleonlar Berlindagi “Xerleni” mehmonxonasiga joylashadilar. Abdullabek Boltabekov Abduvohid Burhonovga talabalar uchun katta miqdorda pul ajratadi va Berlindan Buxoro hukumati talabalari uchun oʻn yetti ming funtga alohida uy sotib olib beradi. Ayni paytda Berlinda Buxoroning doimiy savdo uyini tashkil etish maqsadida Germaniya hukumati vakillari bilan muzokaralar olib boradi. Berlinda qoʻqonlik yahudiy savdogari Potelyaxov, samarqand yahudiylaridan Sulaymon Shakarovlar bilan uchrashadi. Biroq, shoʻro hukumatining jiddiy qarshiligi ortishi natijasida ishlar yakuniga yetmay qoladi. U 1923-yil professor Adeleon bilan Germaniyadan qaytar ekan, Buxoro hukumati buyurtmasiga koʻra katta miqdorda dori va tibbiyot uskunalari olib keladi.

Abdullabek Boltabekov 1925-yil 13-aprel kuni aksilinqilobiy unsur sifatida qamoqqa olindi.

VAFOXOʻJA TOʻQSABO MUXTORXOʻJA OʻGʻLI

1925-yil 17-aprel kuni qamoqqa olingan Vafoxoʻja toʻqsabo Muxtorxoʻja oʻgʻli (1874-1928)ning guvohligidan:

– Otam ipak savdogari boʻlgan. Men asosan dehqonchilik qilardim. Yigirma yillar avval Mirzo Sharof Devonbegi tavsiyasi bilan Gʻuzor begi amir Olimxonning togʻasi Akromxon toʻraning xizmatiga kirdim. Bekning xizmatida 130 nafar atrofida odami boʻlib, Akromxon toʻra bek nihoyatda intizomli, halol inson boʻlgan. Adolatparvarligi uchun hamisha xalqning eʼzozida edi. Xizmatimga uch yil boʻlgach, menga jivachi, keyingi 3 yilda qarovulbegi, keyingi 3 yilda miroxoʻr lavozimlarini berib bordi. Yana 3 yil oʻtgach shaxsan amirdan toʻqsabo unvonini qabul qilib oldim va 7 yil davomida xizmat qildim. 1920-yil Gʻuzorda edim. Urush haqida eshitib yigitlarim bilan Buxoroga yetib keldim. Jangda jon berib, jon oldim. Afsuski, gʻalaba biz tomonda emas ekan. Men qattiq yaralanib, hushimdan ketganimdan soʻng yigitlar meni uyimga keltirishdi. Yigirma kunlar uyda davolandim. Oʻzimga kelishim bilan Gʻuzorga shoshildim. Akromxon toʻra amir bilan birga Sharqiy Buxoroga chekingan, oilasi Gʻuzorda qolib ketgan ekan. Men qolgan-qutgan yigitlarim bilan toʻramning oilasini qoʻriqlab turdim. Bir kuni toʻramdan oilasini bezavol Afgʻonistonga eltish haqida topshiriq keldi. Albatta, oʻsha vaqtda bu juda xavfli edi. Toʻrt nafar xotini, goʻdak farzandlari, barcha mol-mulklari va xizmatchilarini olib, karvon shaklini yasadim. Yigitlardan himoyachilar qoʻyib, asosan kechalari yoʻl bosib Gʻuzordan Boysunga, undan Denov, undan Qoratol yoʻli bilan Dushanbega, undan Qoʻrgʻontepa Sarakamar, undan Hazrat Imom Said orqali uch oy deganda Xonobodga kirib bordim. Men borganimda hali amir yetib kelmagan edi. U yerda 15-20 kunlar turib, kerakli sharoitlarini qilib berdim. Soʻng ulardan rozilik olib, Buxoroga qaytish uchun ruxsat soʻradim. Albatta, ular buni istashmadi va menga qaytish juda xavfli ekanini ham uqtirishdilar. Biroq, ortda mening ham oilam va uzoq yoʻlda ayrim insonlardan olgan omonatlarim bor edi. Bek menga oilasini Afgʻonistonga yetkazib qoʻyishimni buyurdi. Men burchim sifatida uni tugal bajardim. Na borishda, na kelishimda hech kimsaga duch kelmadim. Uyimga kelgan kundan faqat dehqonchilik bilan mashgʻulman. Biz yutqazdik, bari Allohdan, sabr. Nima qilay boshqa…

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Bahrom IRZOYEV bilan hamkorlikda tayyorlandi