Bitiruvchi kursantlar ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

0
1885

Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari kursantlari ishtirokida “Bo‘linmada harbiy intizomni mustahkamlash’’ mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Tadbirda Qurolli Kuchlar akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyalari, shuningdek, Jamoat xavsizligi universiteti, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Davlat bojxona qo‘mitasi bojxona instituti bitiruvchi kursantlari ishtirok etdi.

Tadbirni Chirchiq oliy tank qumondonlik-muhandislik bilim yurti boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar buyicha o‘rinbosari kirish so‘zi bilan ochib berdi.

Konferensiyada soha yo‘nalishlari bo‘yicha mas’ul ofitserlar ham ishtirok etdi. Xususan, yillar davomida komandirlik tajribasini mustahkamlab kelgan rahbarlar tomonidan “Komandirning harbiy intizomni mustahkamlashdagi o‘rni va roli”, “Harbiy intizomni mustahkamlash bo‘yicha mansabdor shaxslar faoliyatini tashkillashtirish”, “Bo‘linmalarda harbiy intizomni va huquq-tartibotni mustahkamlash” mavzularida ma’ruzalar qilindi.

Ular bitiruvchilarning savollariga javob berish bilan bir qatorda, hozirda yosh ofitserlarning qoʻshinlarda xizmat faoliyatini boshlagach, boʻysinuvidagi shaxsiy tarkib bilan ishlashdagi kamchiliklari xususida ham toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, boʻlgʻusi ofitserlar oʻz ustida tinimsiz izlanishi, ilm olishi, dunyo tajribasini doimiy ravishda oʻzlashtirib borishlari, qolaversa, doimo sergak va sergʻayrat boʻlishga oʻzida iroda topishlari uchun barcha sharoitlar yetarli ekanligiga urgʻu berildi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada faol ishtirok etganlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Samandar Xakimjonov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti