Yoshlarning harbiylikka qiziqishini oshirishga qaratilgan uchrashuv

0
812

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi 7-sonli musiqa maktabida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy masalalar va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Negmat Roʻzmatov, oʻquvchi-yoshlar, “Vatan tayanchi” otryadlari aʼzolari hamda chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari hamda muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan yigitlar ishtirokida “General va yoshlar uchrashuvi” oʻtkazildi.

Samimiy kayfiyatda oʻtgan tadbirda qoʻmondon harbiy xizmat nufuzi, Yangi Oʻzbekiston armiyasining kuch-qudrati, sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining xalqaro tanlov va musobaqalarda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari, chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fanini oʻqitish tizimidagi yuksalishlarni soʻzlab berdi.

Tadbirda har bir yosh marrani baland olishi kerakligi, buning uchun orzu-havas joʻshqinlanib, aniq maqsad qoʻyilsagina unga erishish mumkinligi taʼkidlandi.

Taʼkidlash joizki, oxirgi bir yil davomida tuman yoshlari oʻrtasida harbiy sohaga, harbiy xizmatga boʻlgan munosabat oʻsib kelmoqda. Oliy harbiy taʼlim muassasalari, “Temurbeklar maktabi” va “Jaloliddin Manguberdi” harbiy-akademik litseylarida tahsil olmoqchi boʻlganlar, muddatli harbiy xizmatga borish istagini bildirgan yoshlarning soni ortib borayotgani, albatta quvonarli.

Uchrashuv davomida oʻgʻil-qizlarning harbiylik kasbiga boʻlgan qiziqishini bergan savollaridan anglash mumkin edi. Yoshlarning koʻpchiligi kelajakda oʻz hayotini yurtimiz osoyishtaligi, aholi farovon turmushini taʼminlash, xalq xizmatida boʻlishga bagʻishlagani ularda hayotiy pozitsiyaning shakllanayotganidan, kelajakka rejalari jiddiyligidan dalolat berdi.

Nukus garnizonidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlarning qoʻl jangi va saf elementlari bilan koʻrgazmali chiqishlari yoshlar qalbini joʻshqinlantirib, harbiylikka boʻlgan havas tuygʻusini yanada oshirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati