Qurolli Kuchlar Davlat muzeyiga Oliy toifali muzey maqomi berildi

0
1749

O‘zbekiston armiyasi va harbiy san’at tarixidan hikoya qiluvchi Qurolli Kuchlar Davlat muzeyiga O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan Oliy toifali muzey maqomi berildi.

Muassasaning faollar zalida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Mudofaa vazirligi Faxriylar kengashi a’zolari, bir guruh harbiy xizmatchilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘zga chiqqanlar o‘zida 35 mingdan ziyod eksponatni jamlagan mazkur muzeyda turli davrlar harbiy hayoti aks etgani, manbalar nafaqat harbiy xizmatchilar, balki xalqimiz vakillari, ayniqsa, yoshlar ham boy bilimga ega bo‘lishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbirda faxriylar va yoshlar bilan ochiq davra suhbati ham bo‘lib o‘tdi. Unda muzey faoliyati, mazkur yuksak maqomga erishishda nimalarga ahamiyat berilishi, ustozlar mehnati alohida e’tirof etildi. Yakunda Oliy toifali muzey guvohnomasi tashkilot rahbariyatiga tantanali ravishda taqdim etildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti