Qarshida yoshlar okrug boshqaruv apparati mehmoni bo‘ldi

0
803

Qashqadaryo viloyatida joylashgan yuridik texnikumning birinchi bosqich talabalari Qarshi harbiy prokuraturasi xodimlari hamrohligida Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparatiga sayohat qildi. Mehmonlarni yuqori kayfiyatda kutib olgan ofitserlar ularni okrug hududi va harbiy xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirdi.

Maskanda tashkil etilgan okrug shonli tarixi muzeyi sohaga doir koʻpgina maʼlumot va jihozlarni oʻz ichiga oladi. Yoshlar bularning barchasi bilan birin-ketin tanishar ekan yil sayin takomillashib borayotgan milliy armiyamiz qudrati va harbiy xizmatchilar salohiyati borasida atroflicha maʼlumotlarga ega boʻldilar.

Shundan soʻng boshqaruv apparati madaniyat saroyida “Prokuror va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Huquq himoyachisi boʻlishni maqsad qilib, oldiga ulkan marralarni qoʻygan yoshlar Qarshi harbiy prokurori bilan suhbat jarayonida koʻplab maʼlumot va koʻnikmalarga ega boʻldilar. Tajribali ustozlar oʻgiti bilimga chanqoq yoshlarning ilm mahzanini yanada boyitgani shubhasiz. Oʻz navbatida yoshlar va ularning ustozlari ham sermazmun sayohat hamda uchrashuv uchun harbiy xizmatchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Bu kabi tadbirlar yoshlarga sifatli taʼlim bilan hamohang ravishda harbiy vatanparvarlik hislarini singdirayotgani bilan ham ahamiyatlidir.

Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati