Jizzaxda 100 nafar yoshlar ishtirokida “Jasorat maktabi” yigʻini boshlandi

0
641

Jizzax garnizonidagi harbiy qismda Jizzax viloyati hokimligi, okrug qoʻmondonligi, DXX, IIB hamda Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda bugungi kunda mamlakatimiz boʻylab “Jizzax tajribasi” sifatida eʼtirof etilgan 10 kunlik “Jasorat maktabi” oʻquv yigʻinining joriy yildagi ilk mavsumiga start berildi.

Viloyatning shahar va tumanlaridan yigʻin ishtirokchilarining roʻyxati Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar ittifoqi hamda viloyat IIB tomonidan shakllantirilib, Jizzax garnizonidagi harbiy qismga olib kelindi va ular harbiy orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi.

Shundan soʻng, yoshlar dastlab tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularga harbiy liboslar tarqatildi, guruhlarga boʻlinib, yotoqxonalarga joylashtirildi va oziq-ovqat taʼminotiga qoʻyildi.

Yigʻinning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimining oʻrinbosari Akmal Sovurboyev hamda okrug qoʻmondonligi mas’ullari soʻzga chiqib, dastlabki mavsumidan bugungi kunga qadar yoshlar uchun kutilmagan koʻp imkoniyat va sharoitlar yaratib berilayotganini e’tirof etib, o‘tgan yigʻinlardagi yoshlarning erishgan yutuqlarini misol keltirishdi.

Endilikda 100 nafar yoshlar 10 kun muddatda jangovar, sport oʻyinlari, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik hamda eng zamonaviy kasbga yoʻnaltirish boʻyicha mashgʻulotlarga jalb qilinadi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati