Urganchda uch avlod vakillarining mazmunli suhbati oʻtkazildi

0
829

Yoshi ulugʻ isnonlarni ulugʻlash, boy hayotiy tajribaga ega boʻlganlarni qadrlash xalqimizga xos boʻlgan oliyjanob fazilatlardan hisoblanadi. Zero asrlar davomida shakllanib kelayotgan “Ustoz-shogird” anʼanasi hali ham bardavom.

Ustozlarning hayotiy tajribasi, duch kelgan qiyinchiliklarga qaramasdan maqsad sari olgʻa intilishga boʻlgan irodasi, erishgan muvaffaqiyatlari bilan oʻrtoqlashish uchun ustoz-faxriylar ishtirokida Mudofaa vazirligiga qarashli Urganch shahridagi Jaloliddin Manguberdi nomli harbiy-akademik litseyda “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Xorazm viloyati hokimligi, nuroniylar, Qurolli Kuchlar faxriylari, Urganch garnizonidagi harbiy qism, Urganch davlat pedagogika instituti vakillari hamda harbiy litsey oʻquvchilari qatnashgan tadbirda kuch-qudratimiz, faxrimizga aylangan Yangi Oʻzbekistonning yangi armiyasining bugungi qiyofasi, unda xizmat qilishning oʻziga xosligi, harbiy xizmatchilarga belgilangan imtiyozlar haqida maʼruzalar tinglandi.

Savol-javobga boy oʻtgan uchrashuvda faxriylarning sharafli hayot yoʻli haqidagi kichik hikoyalar yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantirib, bilim olishga, oʻz ustida tinimsiz ishlashga undadi.

Shahardagi 9-son musiqa maktabi oʻquvchilarining badiiy chiqishlari, milliy kuy va qoʻshiqlar, raqs va oʻyinlar barchaga hush kayfiyat ulashib, unutilmas taassurot qoldirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati