“Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari”

0
885

Buxoro garnizonida joylashgan harbiy qismda “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik gʻoyalari” hamda “Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi — mohir sarkardalar” mavzularida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Dastlab mutaxassislar tomonidan Sohibqiron Amir Temur va sulton Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarning harbiy sanʼati, hayoti va faoliyati, Temuriylar davrining boy maʼnaviy merosi, ular davrida bunyod etilgan obidalar va yodgorliklar borasida maʼlumotlar berildi.

Ofitserlar, serjantlar tarkibi va Qurolli Kuchlar xizmatchilari ishtirokida oʻtgan tadbirda jadidchilik harakati namoyandalarining maqsadlari, olib borgan faoliyati borasida maʼruzalar ham qilindi. Munavvar qori Abdurashidxonov, Choʻlpon, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi bilim mashʼalini baland tutgan insonlar borasida qilingan suhbat jarayonlarida yurt himoyachilari ham oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Xalqni gʻaflat uyqusidan uygʻotish uchun jonbozlik koʻrsatgan millat oydinlarining sermashaqqat mehnatlari hamda achchiq qismati aks etgan hujjatli film hamda muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari tadbir ishtirokchilariga namoyish etildi.

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug matbuot xizmati