Uchta viloyatning yoshlari harbiy qismlar mehmoni boʻldi

0
1373

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb masalasidir. Bu borada umumtaʼlim maktablari va harbiy qismlarning hamkorlik aloqalari oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillarini Vatanga sadoqat ruhida kamol toptirishga xizmat qilmoqda.

Ana shu maqsadlarga qaratilgan navbatdagi tadbir Markaziy harbiy okrug tasarrufidagi Jizzax, Samarqand, Kattaqoʻrgʻon hamda Navoiy garnizonlaridagi joylashgan harbiy qismlarda “Milliy armiyamiz — Yangi Oʻzbekistonning mustahkam qalqonidir!” shiori ostida boʻlib oʻtdi. Unda viloyatlarning shahar va tumanlarida joylashgan umumtaʼlim maktablari hamda mahalla fuqarolar yigʻinlaridan yoshlar qamrab olindi.

Harbiy qismga kelgan oʻgʻil-qizlar avvaliga harbiy orkestr sadolari ostida tantanali kutib olindi va ishtirokchilar harbiy qismda mavjud zamonaviy texnika va qurol-yaroqlar, harbiy qism tarixi muzeyi va harbiy xizmatchilarning doimiy ravishda sport bilan shugʻullanishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda harbiy qism kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, mamlakatimizda barcha sohalar singari milliy armiyamizda amalga oshirilayotgan islohotlar, kelajakda harbiy boʻlishni maqsad qilgan yoshlarga respublikamizdagi oliy harbiy bilim yurtlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Harbiy psixologlar bilan oʻtkazilgan trening esa mehmonlarning aksariyatida oʻzlariga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qilish bilan birga, ularning yashirin qobiliyatlari va imkoniyatlarini real baholash imkoniyatini berdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati