Xoʻjayli tumanining 400 nafardan ziyod yoshlari harbiylar hayoti bilan tanishdi

0
1849

Xoʻjayli tumanidan kelgan jami 42 ta maktabning 400 nafardan ortiq oʻquvchi-yoshlari uchun Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlarida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, harbiy kasbga nisbatan gʻurur va iftixor tuygʻusini uygʻotish, xalq va armiya yakdilligini taʼminlash hamda harbiy xizmat haqida bilimlarini boyitish maqsadida tashkil etilgan sayohat davomida maktab oʻquvchilari harbiy okrug faoliyati, harbiy qismlarda askarlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Ekskursiya avvalida oʻquvchilar Nukus garnizoni harbiy orkestrining musiqiy sadolari joʻrligida kutib olindi. Musiqa inson ruhiyatiga kuchli taʼsir etuvchi vosita hisoblanib, harbiy orkestrning jangovar kayfiyat ulashuvchi kuylari yoshlarni musiqa sadolariga mos harakatlar qilishga chorladi.

Shundan soʻng, Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda arsenalida boy hayotiy tajriba yotgan faxriy ustozlar harbiylik, uning mashaqqatli va sharafli yoʻli haqida soʻzlab berdi. Yoshlarning bugungi kunning global muammolaridan biriga aylangan “Ommaviy madaniyat”, din niqobi ostida jamiyatimizga boʻlgan tahdidlardan ogoh boʻlishga chaqirdi. Tinchlikning qadri baland, uni asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimiz ekanligi uqtirildi. Faxriylar va yoshlar birgalikda harbiy okrug tarixidan soʻzlovchi muzeyga tashrif buyurishdi.

Harbiy qism hayoti, harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham “sayohatchi”larning eʼtiboridan chetda qolganicha yoʻq. Vatan himoyachilari bilan kechgan jonli muloqot davomida yoshlar harbiy boʻlish uchun nima qilish kerak degan savollariga javob olishdi.

Askarlar bilan kechgan “Zakovat” intellektual oʻyini, shaxmat boʻyicha doʻstona bahslar yoshlarning xotirasida bir umrga muhrlanib qolishi tabiiy.

Tarixiy besh qalʼaning biri boʻlgan Xoʻjaylidan kelgan yoshlar harbiy okrugdan bir olam taassurotlar bilan ortga qaytgani shubhasiz. Bu kabi tadbirlarning samarali mahsuli shundaki, yoshlar harbiy-vatanparvarlik ruhida kamol topishi, harbiy hayot bilan yaqindan tanishishi va kelgusida harbiy sohada xizmat qilishi uchun muhim yoʻnalish boʻlishi mumkin.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati