Yoshlar orasida yurtga daxldorlik hissini oshirishga qaratilgan tadbir

0
983

Yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar koʻlamini kengaytirish joriy yilda belgilab olingan yoʻl xaritasidan oʻrin olgan. Sharqiy harbiy okrugda oʻtkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri ham ayni shu maqsadda tashkil etilgan boʻlib, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtga daxldorlik hissini yuksaltirishga xizmat qildi.

“Ochiq eshiklar kuni” doirasida fargʻonalik oʻgʻil-qizlar harbiy texnikalar, qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishdirildi. Faxriy qorovul va harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi chiqishlari esa shubhasiz yoshlar qalbida ona Vatanga muhabbat, milliy armiyamizga ishonch va iftixor tuygʻularini yanada oshiradi.

Ayniqsa, okrug qoʻmondoni ishtirokidagi “General va yoshlar uchrashuvi” navqiron avlod uchun unutilmas onlarni taqdim etdi. Samimiy suhbatlarda harbiy xizmat, yurt oʻgʻlonlarining jasoratlari, oliy harbiy taʼlim muassasalari, “Temurbeklar maktabi” kabi qator mavzularda soʻz bordi. Uchrashuv yakunida faol yoshlar alohida eʼtirof etilib, qoʻmondonlikning faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Bir soʻz bilan aytganda yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning yangi tizimi navqiron avlod vakillarining islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirishda, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarishda, eng muhimi adashganlarni toʻgʻri yoʻlga solishda muhim qadamdir.

Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati