Yoshlar Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug tarixi bilan tanishmoqda

0
1710

Mamlakatimiz Shimoli-gʻarbiy sarhadlarini ishonchli himoya qilish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyati aholisining tinchligi, osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, chegaralarimiz dahlsizligini qoʻriqlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug 2023-yilda oʻzining 25 yoshini qarshi oldi.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarini isloh qilish, mamlakat mudofaa salohiyatini yuksaltirish davomida 1998-yil 13-oktyabr kuni tashkil etilgan Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug yurtimizning shimoli-gʻarbiy sarhadlarini himoya qilishda ishonchli qalqon vazifasini oʻtamoqda. Bugun harbiy okrug xalqimiz va armiya oʻrtasidagi rishtalarni mustahkamlash, armiya va xalq yakdilligini taʼminlashda ham muhim oʻrinni egallab kelmoqda. Bu borada aholining keng qatlamlari va ayniqsa, yoshlar bilan ishlash, ular oʻrtasida vatanparvarlikni targʻib etishda okrug qoʻshinlari oʻzining munosib ulushiga ega boʻlmoqda.

Harbiy okrug shonli tarixi va buguni, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati Ikkinchi jahon urushidagi katta gʻalabaga qoʻshgan hissasini oʻzida aks ettirgan va 2021-yilda yaratilgan harbiy okrug tarixi muzeyiga bugungi kunga qadar minglab yoshlar mehmon boʻlib kelishdi. Taʼsirli foto va video materiallar, tarixiy eksponat va topilmalar, urush yillaridagi buyum va davriy nashrlar bu yerga kelganlarda, albatta, taassurot qoldirishi tabiiy. Shu bois, Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida joylashgan va kelganlarni tarix bilan yuzlashtirayotgan muzey aholi va yoshlarimiz uchun doim oʻz eshigini ochib, xizmat qilishda davom etmoqda.

Bu safar oliy taʼlim muassasalari hamda maktablardan tashrif buyurgan bir guruh yoshlar ushbu maskanga sayohat qilib, harbiy tarix haqida koʻplab maʼlumotlarni oʻzlari bilan olib ketdi. Mazmunli suhbat ularning harbiylik haqidagi dunyoqarashini yanada kengaytirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati