Jangga bogʻlangan boʻlsang, boshingga kelgan har narsaga rozi boʻl…

0
664

Olamda necha-necha beklar son-sanoqsiz cherik tortib, muhorabalar ichida yashadi. Millionlab kishilar oʻz yeri va qadriyatlari, maqsadu maslaklari yoʻlida qirgʻinlar domiga gʻarq boʻldi. Shu kungacha jangning shakl-shamoyili, yoʻl va uslublari oʻzgargan boʻlsa-da, botir botirlik, qoʻrqoq qoʻrqoqlik maqomida qoldi.

Biz quyida janglardagi shaxsiyat, botirlik va qoʻrqoqlik fazilatlarini uch ulugʻ zot – Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur faoliyati va idodi kesimida mulohaza qilishga harakat qilamiz.

Tarix va adabiyot shinavandalari Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida podshohlik boshqaruvi, adolat va birlik, sipohiylarning jangga tayyorgarligi borasida qimmatli maʼlumotlar keltirilganini yaxshi bilishadi. Qoraxoniylar davrida oʻziga xos qonun va harbiy dastur sifatida xizmat qilgan ushbu asarning “Oʻgdulmish eligga sarkarda, sipohsolor qanday boʻlishi kerakligini aytadi” sarlavhali bandida hududiy birlikni saqlash, tashqi kuchlar tahdidini bartaraf etish, lashkar saflarini tartibga solish, jang olib borishning strategik omillari haqida aytib oʻtiladi.

Oʻquvchiga yanada tushunarli boʻlishi uchun asardagi muhim tavsiyalarni muxtasar qilamiz. Yaʼnikim, sarkarda himmatli, tunlarni bedor oʻtkazadigan, qoʻshin taʼminotiga diqqatli boʻlmogʻi shart. U qilajak ishlarini puxta rejalashtirishi, soʻzi bilan amali mos kelishi, yolgʻon, baxilliqdan yiroq yurishi, lashkarni shahdamlik bilan olgʻa yetaklay olishi zarur.

Oʻz navbatida, qoʻshinning soni iloji boricha oz boʻlishi, u asosan sara jangchilardan tashkil topmogʻi, jangchilar zarur qurol-aslaha bilan toʻla-toʻkis taʼminlanishi lozim. Lashkarning meʼyordan ortiqligi beboshlikka, tartibsizlikka, bu esa askarlarning qoʻrqoqlik va jurʼatsizlikka olib kelishi ehtimoldan xoli boʻlmagan.

Asarda jang boshlanishi bilan yovga alangadek yopirilish, oldindan oʻylab qoʻyilgan rejaning oshkor boʻlmasligini taʼminlash, uni dushman payqab qolishidan ehtiyot boʻlish, jangni choʻzmaslik, uni paysalga solmaslik zarurligi taʼkidlab oʻtiladi. Jang vaqtida kichik yoshdagi askarlar qoʻshin ortiga, ishonchli, sinalgan kishilar esa yasolning ham old, ham ortiga joylashtirilishi koʻpincha oʻzin oqlagani keltiriladi.

Yaqinlashayotgan dushmanni, eng avval, uzoqdan oʻqqa tutish, saflar aralashib ketgach esa nayza, shamshir, oybolta bilan jang qilish maʼqulligi belgilangan. Siquvga bardoshi qolmagan yovni taʼqib etib, izidan borish, quvib yetish, qoʻlga tushirish yoki butunlay yakson qilish, shu bilan birga, oʻzidan asir oldirib qoʻymaslik masalalariga qattiq qaralgan.

Muhorabada yaralangan yoki jarohat olganlarni davolash, asir tushganlarni evaz berib qutqarib olish, halokatga uchraganlarning hurmatini joyiga qoʻygan holda dafn qilish, ularning oʻgʻil-qizlari boʻlsa, badalini berish davlatning burchi tarzida tan olingan. Bunday marhamat, eʼtibor sarbozlarning sevinchi, el-yurtga, qolaversa, lashkarboshiga nisbatan ishonchining oshishi, jang paytida shirin jonining fido qilinishiga ham turtki boʻlgan.

Yusuf Xos Hojib singari Alisher Navoiyning hayoti va ijodi ham janglar asnosida kechgan, desak yanglish boʻlmaydi. Shoir ijodida askar, jang, urush kabi atamalarni turli talqin va boʻyoqlarda koʻrish mumkin. Masalan, askar soʻzini olaylik. Shoir ijodida bu soʻzning lashkar, jangchi, sarboz, sipohi kabi muqobillari ham talaygina, ammo koʻp oʻrinlarda ayni shu tarzda qoʻllanilganiga guvoh boʻlamiz. “Sabʼai sayyor”da shunday bayt keladi:

Joʻnai mehr chun uzor ochdi,
Hindi vu Shom askari qochdi.

“Munshaot”da ham askar soʻzi koʻplab oʻrinlarda uchraydi:

…Inshoolloh ki har tavajjuhda kishvare fath topkay va har hamlada askare magʻlub boʻlgʻay.

Navoiy jang soʻzini ham oʻndan ortiq sinonimlaridan mohirlik bilan foydalanadi. “Farhod va Shirin”da shunday bayt bor:

Kerak sher ollida xam sheri jangi,
Agar sher oʻlmasa bari palangi.

Shoir jang soʻziga monand jadal soʻzini ham qoʻllaydi. Jadal – jiddiy tortishish, bahs, munozara, urush degani. “Saddi Iskandariy”da oʻqiymiz:

Mamolikka yuzlanmasun deb xalal,
Chiqib utru izhor qildi jadal.

Soʻz mulkining sultoni “Vagʻo” soʻzining ham urush, toʻqnashuv, jang oʻrnida qoʻllar ekan, urushqok, jangovar maʼnolarini ifodalash uchun  jangjoʻy soʻzini ham keltiradi:

Bu xayʼat bila chobuki jangjoʻy,
Turub oʻrtada boshladi guftugoʻy.

Jangiy soʻzi urushqoq, zoʻravon maʼnolarida kelsa, jarror soʻzi qoʻrqmas, jangovar, botirlikni ifodalaydi. Shoir “Saddi Iskandariy”da yozadi: 

Sakiz yuz sipohi jarrorgʻa,
Iki yuz yana ahli bozorgʻa.

Bir oʻrinda Navoiy: “Kamarin ijtihod beliga bogʻla” jumlasini qoʻllar ekan, buning maʼnosini “tirishqoklik, gʻayrat bilan jang kilmoq, urushga otlanmoq”, deya izohlaydi.

Navoiy jang kiyimlaridan biri boʻlmish jubba soʻzini faol ishlatadi. Bu aslida hashamatli toʻn boʻlib, “Lisonut-tayr”da jangda kiyiladigan kiyim maʼnosida ham keladi:

Jubbasi yoʻq erdi chun kim koʻrdilar
Qalbni qin ostida oʻlturdilar.

Shu oʻrinda zirihpoʻsh, yaʼni zirih kiygan (jangchi) atamasiga ham eʼtibor qaratish lozim. “Farhod va Shirin”da shunday jumlalar uchraydi:

Dedi Xisrav: sen etsang ani bexush,
Kamingahda qoʻyay men yuz zirihpoʻsh.

Xullas, Navoiy nazaridan qolgan hech bir soʻz yoʻqki, biz koʻplab sohalarga oid atamalarni uning nazm javharidan bemalol topishimiz mumkin.

Eʼtiboringizni shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga qaratar ekanmiz, undagi haqiqiy isteʼdod va dilovarlik chin iztiroblar bilan yonma-yon ulgʻayib borganiga guvoh boʻlamiz.

U nafaqat ijodkor, balki mahoratli shoh va sarkarda sifatida ham adabiyot va harbiy ilmning rivojiga munosib hissa qoʻsha oldi. Boburning bolalik va oʻsmirlik yillari haqida roman yozgan “Boburnoma”ning ingliz tarjimoni Uilyam Erskin uni Osiyo podshohlariga qiyosan shunday baholagan edi:

– …Saxovati va mardligi, isteʼdodi, ilm-fan, sanʼatga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shugʻullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi.

Birgina “Boburnoma” oʻzining haqqoniyligi, zamondoshlari shaxsiyatiga ochiq-oydin va rost taʼrif berilgani bilan qimmatlidir.

U qoʻshin orasida halollik va rostgoʻylik, mardlik va vatanparvarlik xislatlarini targʻib qilar, agar kimningdir bu borada kamchiliklarini payqasa, ayovsiz chora koʻrar edi.

“Boburnoma”da Boburnnng navkarlaridan biri birovning bir xumcha yogʻini oʻgʻirlagani, bu xabar Boburga yetib borgani haqida yoziladi. Shunda u oʻgʻrilik qilgan jangchini shunday savalashga buyuradiki, natijada jangchi halok boʻladi. Bobur uning oʻlimini boshqalarga ibrat qilib koʻrsatadi.

Sarkarda har bir jang avvalida qoʻshiniga oʻzgacha ilhom berar ekan, jumladan shunday deydi:

– …Tangri taolo bunday saodatni bizga nasib qilibdi va bunday davlatni bizga yaqin aylabdi. Oʻlgan – shahid, oʻldirgan – gʻoziy. Barchangiz Tangrining kalomi nomi bilan bu urushdan hech kim yuz oʻgirishni xayoliga keltirmasligi va to tanasidan joni chiqmagunicha, bu jang va urushdan chiqib ketmasligini aytib, ont ichmogʻingiz kerak.

Shu asnoda barcha bek va navkarlar muqaddas Qurʼonni qoʻliga olib, yuqorida aytilgan jumlalarni takrorlagancha, qasam ichishgan. Bunday yigʻinlar odatda barchaning koʻz oʻngida boʻlib, yaqin-yiroqdagi doʻstu dushmanning yuragiga qoʻrquv va hadik sola olar edi.

Chindan ham Bobur hech kimni qoʻshinda zoʻrlab ushlab turmagan. Aks holda u oʻz memuarida shunday baytni keltirib oʻtirmas edi:

Agar poy bandi rizo peshgir,
Va gar yaksuvori sari xesh gir.

Yaʼni: jangga bogʻlangan boʻlsang, boshingga kelgan har narsaga rozi boʻl, agar hech narsaga bogʻlanmagan boʻlsang, yoʻlingdan qolma, ketaver…

“Boburnoma”da koʻplab jangchilarning mardligi, halolligi madh etilar ekan, ularning kamchiliklari ham roʻy-rost tilga olinadi. Masalan, Zunnun argʻun shaxsiyatini olaylik:

– …Mardona kishi boʻlsa-da, lekin xasis, molparast ish yuritish yoʻl-yoʻrigʻini bilmaydigan, befarosatroq va telbaroq kishi edi, – deb yozadi Bobur.

Shuningdek, u Gʻozixon haqida yozar ekan: – Biz Gʻozixonni qoʻrgʻonda, deb oʻylagan edik, biroq bu nomussiz nomard otasi, aka-ukasi, onasi va opa-singillarini Maloʻtga tashlab, oʻzi sanoqli kishilari bilan toqqa qarab qochibdi, – deya yozgʻuradi.

Yana bir oʻrinda shunday taʼriflar keladi: – …Yana, bir Faridun Husayn mirzo edi. Yoyni kuch bilan tortib, oʻqni yaxshi otar edi. Uzi ancha mard edi, lekin omadsiz edi. Qayerda urush qilgan boʻlsa, magʻlub boʻldi.

Shuningdek, shoir koʻplab tarixiy shaxslarning mardligini-da dadil ifodalaydi:

– …Yana, Bobo Ali eshikogʻa edi. Avval Alisherbek xizmatida boʻldi. Soʻngra mardonaligidan Husayn mirzo olib, eshikogʻa qilib, beklik martabasiga koʻtardi. Hozir mening qoshimdagi xos kishim. Yunus Ali buning oʻgʻlidir.

– …Yana, Tangiberdi somonchi edi. Sodda, mard va qilichboz yigit edi. Balx darvozasida Xisravshohning Nazar Bahodur ismli zoʻr navkarini yaxshi qilich chopib, yenggandi.

Alqissa, bu asardagi shaxs va qiyofa talqini har qanday kishini hayratga sola oladi. Bir soʻz bilan aytganda, jang uchun sabab va bahonalar, janggoh tanlash va joy jugʻrofiyasi, quyosh nuri tushishiga koʻra harbiy saflarga joy tanlash, qoʻshin qismlarini harbiy amaliyotda muvofiqlashtirish usullari, harbiy asbob-uskuna, jangchi va ot-ulovlar uchun sovutu zirhlarning ahamiyati, shaharga kirish va qalʼani zabt etish chora-tadbirlari shunchalik mukammal berilganki, goʻyo bu asar koʻplab hukmdorlarga xos qoʻllanma vazifasini ham bajara olgan.

Biz keyingi tahlillarimizda bu muhtasham uch zotning ijodiga kengroq va toʻlaroq ravishda qaytamiz!

Kapitan Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti