Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi

0
700

Poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida “Tarix va bugun” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi hamda “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi O.Malginov, Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi L.Marinich, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi qoshidagi Oʻzbekistonning zamonaviy tarixini muvofiqlashtirish va metodik markazi ilmiy xodimlari, OʻzMU Tarix fakulteti “Oʻzbekistonning eng yangi tarixi” kafedrasi rahbariyati, SCOLAR Network-SHHT Yoshlar platformasining Toshkent xabi vakili, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari ishtirok etdi.

Ushbu konferensiya doirasida Ikkinchi jahon urushi davrida Leningrad shahri qamaldan toʻliq ozod qilinganining 80 yilligi munosabati bilan “Ikkinchi jahon urushi davrida oʻzbek xalqining bagʻrikengligi, saxovati va insonparvarlik qadriyatlari” mavzusida ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad — fashizmga qarshi janglarda fidoyilik koʻrsatgan Oʻzbekiston xalqining munosib hissasini keng ommalashtirish, urush qahramonlari xotirasini abadiylashtirish, yoshlarda Vatanga muhabbat va gʻurur tuygʻusini shakllantirishga qaratilgan.

Davra suhbati davomida qamal qilingan Leningrad fuqarolari, Yevroosiyo xalqlari Assambleyasi bosh kotibining oʻrinbosari V.Ruzin, Yevroosiyo xalqlari Assambleyasi Bosh kotibiyati rahbari va Rossiya-Oʻzbekiston Doʻstlik jamiyati Kengashi raisa S.Smirnova va I.Krugovixning videomurojatlari namoyish etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar “Shon-sharaf” muzeyidagi Ikkinchi jahon urushida jasorat koʻrsatgan oʻzbekistonliklar haqidagi maʼlumotlar, oʻsha davrlar ruhini toʻliq his etishga imkon beruvchi eksponatlar bilan yaqindan tanishdilar.

Nargiza Safarova, “Gʻalaba bogʻi yodgorlik” majmuasi matbuot xizmati