Faxriylar Urganch garnizonidagi harbiy qism mehmoni boʻldi

0
756

Urganch garnizonidagi harbiy qismlarning birida “Milliy armiyamiz – chinakam mardlik, fidoyilik va vatanparvarlik maktabi” mavzusida uchrashuv tashkil etildi. Unda Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, isteʼfodagi podpolkovnik Abdurazzoq Abroʻyev, Xorazm viloyati faxriylar kengashi raisi Odamboy Jumaniyozov, harbiy xizmatchilar, oʻquvchi-yoshlar hamda Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan mehmonlar Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan keng islohotlar haqida toʻxtalib oʻtarkan, Yangi Oʻzbekiston armiyasi dunyo arenasida oʻz kuch-qudratiga, yuksak salohiyatiga ega ekanligini faxr bilan tilga olishdi. Yoshi ulugʻ, boy hayotiy tajribaga ega boʻlgan faxriylar esa oʻz xizmat yillaridagi xotiralar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Mazmunli kechgan suhbat davomida Vatan tushunchasi, uni sevish, ardoqlash, tinchlikning qadriga yetish kabi mavzularda ham soʻz borib, yoshlarga Ona Vatanni himoya qilish har bir fuqaroning konstitutsiyaviy burchi ekanligi taʼkidlandi. Isteʼdodli ijodkor, “Vatanparvar” gazetasida koʻp yillar harbiy jurnalist boʻlib xizmat qilgan, ikki nafar ofitserning otasi Abdurazzoq Abroʻyev oʻz ijod namunalaridan oʻqib eshittirdi.

Tadbir soʻngida yoshlar va faxriylar harbiy qism hududiga sayohat qilishdi. Xorazmning buyuk oʻgʻloni Jaloliddin Manguberdi haykali qoshida sarkardaning hayoti, jang sanʼatiga qoʻshgan hissasi haqida suhbatlashishdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati