Samarqandning uchta tumanida vatanparvarlik sadolari yangradi

0
691

Samarqand va Kattaqo‘rg‘on garnizonlaridagi harbiy xizmatchilar tomonidan Paxtachi, Ishtixon hamda Payariq tumanlarining olis hududlarida “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” degan ezgu gʻoya asosida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, harbiy-vatanparvarlik festivallari o‘tkazildi.

Harbiy orkestrining Vatanni madh etuvchi musiqalari bilan boshlangan tadbirlar vatanparvarlik ruhidagi suhbatlarga ulandi. Unda ertamiz egalariga yurt tinchligi va taraqqiyotiga dahldorlik hissi doim barqaror boʻlishi borasida fikr bildirilib, Qurolli Kuchlarimizning shakllanish tarixi, bugungi kunda erishilayotgan natijalarga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Shuningdek, milliy armiyamiz salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, harbiy sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyati haqida fikrlar bildirildi.

Tashkil etilgan festivallar doirasida harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan turli sahna ko‘rinishlar, ijro etilgan milliy musiqalar va xonandalar tomonidan kuylangan qoʻshiqlar tadbirga oʻziga shukuh bagʻishladi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati