Harbiy xizmatchilar o‘rtasida qo‘l jangi bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi

0
1264

Markaziy harbiy okrugning sport zalida oʻquv yili kalendar rejasiga asosan Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on hamda Navoiy garnizonlaridagi harbiy xizmatchilar o‘rtasida turli yakka kurashlarni birlashtirgan qo‘l jangi bo‘yicha “Qo‘mondon kubogi” uchun musobaqalar o‘tkazildi.

Musobaqada ishtirokchilar -57 kg, -62 kg, -67 kg, -73 kg, -80 kg, -88 kg, -97 kg hamda 97 kg dan yuqori vazn toifalarida o‘zaro bellashdi.

O‘zining chidamliligi, irodasi hamda uddaburonligi namoyon etib, murosasiz bahslarni olib borgan harbiy sportchilar besh daqiqa oralig‘ida raqibiga koʻproq aniq zarba berishi, ogʻrituvchi va kurash usullarini qoʻllashi orqali uni taslim etishi zarur bo‘ldi.

Quvonarlisi, 200 nafarga yaqin ofitser va serjantlar bilan birga, muddatli harbiy xizmatchilarning ham ishtiroki yoshlar oʻrtasida bu sport turi ommalashayotganidan dalolat berdi.

Musobaqa jarayonlari malakali hakamlar hayʼati tomonidan adolatli va shaffof baholab borildi. Ularning yakuniy xulosasiga ko‘ra, Jizzax garnizonidagi harbiy qism faxrli uchunchi o‘rinni, okrug sport vzvodi jamoasi ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining kubogi Samarqand garnizonidagi harbiy qism jamoasiga nasib etdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati