Yoshlarni vatanparvarlikka undovchi festival

0
1331

Surxondaryo viloyati Bandixon tuman hokimligi hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi hamkorligida yoshlarning yurtga sadoqat tuygʻusini mustahkamlash hamda ular orasida harbiylik kasbiga bo‘lgan qizishni oshirish maqsadida vatanparvarlik festivali o‘tkazildi.

Tadbir tuman markazida harbiy orkestr jamoasining chiqishlari hamda harbiy xizmatchilarni saf yurishi bilan boshlandi. Festivalning tantanali ochilish marosimida Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar yosh avlodning harbiy sohaga qiziqish va intilishini kuchaytirishga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

Markaziy oʻyingohda tuman hokimi sovrini uchun 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida tashkil etilgan tosh koʻtarish, arqon tortish kabi musobaqalar ham festivalga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining harbiy estafeta sport musobaqasi davomida esa yoshlar oʻzlarining nechogʻlik chaqqon va mergan ekanliklarini amalda namoyon etdilar.

Eng epchil va uddaburon yoshlar mosobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritib, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.