Navoiyda talabalar o‘rtasida “Qo‘mondon kubogi” uchun harbiylashtirilgan musobaqalar o‘tkazildi

0
969

Navoiy garnizonidagi harbiy xizmatchilar hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyati kengashining tashabbusi bilan Navoiy davlat pedagogika institutidagi talabalar o‘rtasida “Qo‘mondon kubogi” uchun harbiylashtirilgan sport musobaqalari o‘tkazildi.

Musobaqa shartlariga talabalar saf tayyorgarligi, sport oʻyinlari, erkin mavzu, vatanparvarlik haqida tezkor savol-javob, sardorlar bahsi, o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish bo‘yicha o‘zaro bellashishdi.

Institutning 6 ta yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar musobaqa davomida qizg‘in va murosasiz bahslar olib borib, o‘zining shijoati va matonatini namoyon etish bilan birga qalbidagi vatanparvarlik hislarini jo‘sh urayotganini amalda namoyon etishdi.

Harbiy xizmatchilar, institut rahbariyati hamda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashining vakillaridan tashkil topgan hakamlar hay’atining yakuniy xulosasiga ko‘ra, 1-o‘rin Matematika-informatika fakulteti, 2-o‘rin Tarix fakulteti hamda 3-o‘rin San’atshunoslik fakulteti talabalariga nasib etdi.

G‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilarning tegishli darajadagi diplom, kubog, medal, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati