Jizzax garnizonida viloyat sardorlari ishtirokida “Harbiy hayot” loyihasi o‘tkazildi

0
1689

Joriy yil 12-yanvar kuni Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik Kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yuzasidan aniq topshiriqlar berilgan edi.

Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha maqsadli reja va yo‘l xaritalari tuzilib, navqiron avlod vakillarining yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, keksalar va harbiylarning boy tajribasi bilan o‘rtoqlashish hamda ularni o‘z intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratishga kirishildi.

Bu borada Jizzax garnizonidagi harbiy qismda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bilan hamkorlikda Jizzax viloyatidagi sardorlar ishtirokida “Harbiy hayot” loyihasi amalga oshirilgan.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad eng avvalo sardorlar harbiy hayotdan boxabar bo‘lishi va uni targ‘ib etishidir. Tadbir avvalida yoshlarga harbiy liboslar berilib, bir kun davomida ularga bugungi kunda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, milliy armiyamizning jangovar tayyorgarligi va harbiy salohiyatini yanada oshirish, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimizning tinch-osoyishta hayotini taʼminlashga xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning kundalik faoliyati yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Shunigdek, yoshlar loyiha davomida harbiy qismda harbiy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi bilan tanishdi, sport musobaqalari, qiziqarli viktorina va o‘yinlar hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari, pisixologik treninglarda ishtirok etdi.

Yakunda o‘tkazilgan tanlov va musobaqalarda faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlarga O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashining hamda Jizzax garnizoni boshlig‘ining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati