“Vatan tayanchi” a’zolariga ko‘krak nishonlari topshirildi

0
3665

Yashnobod tumanida joylashgan 244-maktabda “Oʻzbegim oʻgʻlonlari” koʻrik tanlovi boʻlib oʻtdi. Unda 10-sinflar orasidan saralab olingan 4 ta jamoa birinchilik uchun baxslashdi. Tuman mudofaa ishlari boʻlimi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan ushbu tanlov juda koʻtaringki kayfiyatda boʻlib oʻtdi.

Tanishuv, saf tayyorgarligi, savol-javob, jismoniy tayyorgarlik, oshpazlik mahorati va erkin mavzularni oʻz ichiga olgan 6 shartdan iborat musobaqani mudofaa ishlari boʻlimi rahbariyati va faxriylari baholab bordi. Har bir shart orasida maktabning iqtidorli oʻquvchilari tomonidan Vatanni tarannum etuvchi qoʻshiqlar ijro etildi.

Tanlov yakunida 10-“G” sinf oʻquvchilarining shartlarni aʼlo darajada bajarganligi eʼtirof etilib, gʻolib deya topildi.

Shuningdek, 170 va 244 -maktab oʻquvchilari orasidan saralangan iqtidorli va namunali xulqi bilan boshqalardan ajralib turadigan yuqori sinf oʻquvchilariga “Vatan tayanchi” koʻkrak nishonini tantanali topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Yashnobod tumani mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Suxrob Xudoyqulov, hokimlik, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar harakat aʼzolariga samimiy tilak bildirar ekan, kelgusida oʻz tengdoshlari orasida haqiqiy vatanparvar, yetakchi va tashkilotchi boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Sherzod Sharipov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti