Xorijlik mutaxassislar harbiy feldsherlar mahoratini baholadi

0
2420

Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi bazasida oliy maʼlumotli harbiy shifokorlarni tayyorlash bilan birga feldsherlar mahoratini oshirib borish imkoniyatlari ham yaratilgan. Ayni kunlarda qoʻshinlar va tibbiy muassasalarda xizmat burchini oʻtayotgan oʻrta darajadagi tibbiyot xodimlari AQSH Markaziy qoʻmondonligi tibbiyot xizmati mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan oʻquv kursida ishtirok etishdi.

Oʻquv kursida qatnashgan tinglovchilar bilan jang maydonida yaralanganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, yaradorlarni vertolyot yordamida evakuatsiyaga tayyorlash, jarohat holatini aniqlash va boshqa shu kabi yoʻnalishlar boʻyicha nazariy hamda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi. Maʼlumki, Harbiy tibbiyot akademiyasining oʻquv-moddiy bazasi yuqorida qayd etib oʻtilgan mashgʻulotlarni reallikga yaqinlashtirilgan holda oʻtkazish imkoniyatini ta’minlaydi. Aynan shunday imkoniyatlardan unumli foydalangan tinglovchilar oʻquv kursi yakunida xorijlik mutaxassislarning eʼtirofiga sazavor boʻlishdi. Mazkur amaliy mashgʻulotlarni kuzatish uchun Harbiy tibbiyot akademiyasi kursantlari va Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalari ham taklif etildi.

Polkovnik Erik Jon Jeykobson rahbarligidagi AQSH harbiy delegatsiyasi aʼzolari tashrifning birinchi kuni Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasi boshligʻi, tibbiy xizmat polkovnigi Bahodir Abdulahatov ishtirokidagi brifingda kelgusidagi hamkorlik rejalarini muhokama qilishdi. Muhokama jarayonida tomonlar harbiy taʼlim sohasida amalga oshiriladigan dasturlar boʻyicha kelishib, oʻrta darajadagi tibbiyot xodimlari uchun tashkil etiladigan mashgʻulotlarda samarali natijalarga erishilishi borasida ishonch bildirishdi.

Mazkur oʻquv kursini aʼlo bahoga tamomlagan tinglovchilar kelgusida tashkil etiladigan oʻquv kurslarida yoʻriqchi sifatida qatnashish imkoniyatiga ega boʻldi. Oʻtkazilgan nazariy va amaliy mashqlar natijalariga koʻra barcha tinglovchilarga TCCC (Tactical combat casualty care – yaradorlarga taktik bosqichda tibbiy yordam koʻrsatish) yoʻnalishi boʻyicha maxsus sertifikatlar berildi.

Asror ROʻZIBOYEV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti