Harbiy shifokor boʻlishni istaganlar uchun

0
1812

Harbiy shifokor boʻlishni istaganlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy tibbiyot akademiyasi rahbariyati vakillari, oʻqituvchilar va kursantlar ishtirokida Oʻzbekiston boʻylab targʻibot tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Vatanga sadoqatli, maʼnaviy-axloqiy jihatdan barkamol, jismonan sogʻlom va intellektual salohiyatga ega boʻlgan talabalarni Harbiy tibbiyot akademiyasida oʻqishga qiziqishini oshirish va nomzodlarni saralash maqsadida Andijon davlat tibbiyot instituti, Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali va Qoraqalpogʻiston tibbiyot institutlarida talaba yoshlar bilan uchrashuv va suhbatlar oʻtkazildi.

“Vatanparvarlik oyligi” doirasida davom etgan muloqotlar jarayonida harbiy tibbiyot akademiyasi faoliyati, tayyorlanayotgan mutaxassislar, oʻqishga kirish tartibi, sharoit va imtiyozlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, harbiy orkestr jamoalari, faxriy qorovul hamda qoʻl jangi guruhlarining koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi. 3000 ga yaqin talabalar jalb etilgan tadbirlarda faol yoshlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasiga oliy tibbiy taʼlim muassasalari davolash fakultetlarining 5-bosqichini va tibbiy-profilaktika fakultetlarining 4-bosqichini bitirgan talabalar tanlov asosida oʻqishga qabul qilinadi. Oʻqish muddati ikki yil.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti