VATANPARVAR BOLALAR QANDAY SHAKLLANADI?

0
1375

Vatan tuyg‘usini o‘sib kelayotgan avlod ong-u shuuriga singdirish – afsuski, qo‘ldagi barmoqlarni sanashdek jo‘n ish emas. Har qanday innovatsion texnologiyalar, to‘kis shart-sharoitlar ham ba’zan bu tushunchani singdirish yo‘lida o‘zini oqlamasligi mumkin. Gap yosh avlodga beriladigan ilk saboq mas’uliyati haqida borar ekan, shubhasiz maktab darsliklari masalasi diqqat markazimizda bo‘lib qolaveradi.

Aslida bu anchayin eski muammodirki, yuz yillardan ortiq vaqt davomida ziyolilar tilidan, zimmasidan tushmay kelayotir. Hatto ushbu hol bugungi kunda ham mamlakatimiz rahbariyati darajasida nazoratga olinib, bu chindan ham hayot-mamot masalasi ekani bot-bot ta‘kidlanmoqda.

– Bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yo‘q. Maktab ta’limida poydevorni bugundan mustahkam qo‘yishimiz kerak. Bunga barcha e’tiborimiz va resurslarimizni safarbar qilamiz. Qiyin yo‘lni tanlayapmiz, lekin shu yo‘l muammolarni yechadi, – degan edi Prezident o‘z nutqida.

O‘tgan yillar davomida ongli ravishda angladikki, mamlakat kelajagi, barcha sohalar hamda loyihalar muvaffaqiyati faqat va faqat bilimli insonlarga bog‘liq, shunday bo‘lib qoladi.

Jadidlar nega darsliklarni isloh qildi?

Ma‘lumki, jadidlar konsepsiyasida ta‘lim berishning eski usullaridan butunlay voz kechish, yosh avlodga zamonaviy bilimlarni o‘rgatish, ta’lim tizimida o‘qitishni ona tilida olib borish, shuningdek o‘quvchilarda millatparvarlik hislarini shakllantirish qat‘iy tartibda belgilangan edi.

Buni teran anglagan Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston kelajagida yosh va o‘qimishli mutaxassislar yetishtirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratar ekan, eskicha maktablarni tubdan isloh etish, darsliklarni nazariy, ilmiy va amaliy jihatdan boyitish choralarini ilgari surdi.

Nega aynan boshlang‘ich islohot zarur edi? Buning bir qancha sabablari bor, albatta. Buxoro amirligi hududida ochilgan dastlabki “usuli savtiya” – usuli jadid maktablari, amirlikdagi jadidlar partiyasi (firqasi), dastlab “Tarbiyayi atfol” (“Bolalar tarbiyasi”) maxfiy jamiyati shaklida tuzilgan. Uning a‘zolari ziyolilar, savdogarlar va shaharning yupun qatlami vakillari edi.

E‘tibor bergan bo‘lsangiz, ilk ochilgan partiya jamiyatda ko‘plab muammolar avj olayotgan bir pallada ularning eng maqbul yechimi sifatida bolalar tarbiyasiga jiddiy e‘tibor qaratish masalasini asosiy o‘ringa olib chiqmoqda.

Radiy Fish, Raxim Xashim muallifligidagi “Glazami sovesti” asarida shunday ma’lumotlar keltiriladi:

“Shunday qilib, 1326-yil hijriyda shavvol oyining o‘nida (1908-yilnig oktabrida) Buxoro shahrining ichida Darbozayi Sallohxona guzarida Mirza Abdulvohid uyida birinchi martaba buxoroliklarga maxsus usuli jadida maktabi ochdik. Bu maktabda ikki oy mudlatid o‘quvchilarning adadi 12 ga yetishdi. Lekin ta‘lim tartibi nihoyat darajada buzuq va bizning barchamiz usul va qavoiddan (yangicha o‘qitish qoidalaridan) xabarsiz edik. Ichimiz ta‘lim va isloh o‘ti bilan yonmoqda edi”.

Ko‘rinib turibdiki, ilk ta’lim masalalari o‘zida ulkan maqsadlarni jamlagan bo‘lsa-da, doimiy qiyinchilik va yetishmovchiliklar, ta’qib va talato‘plar ichida kechgan.

Xohlaymizmi-yo‘qmi, biz yaqin va uzoq o‘tmishdagi o‘z tariximizning qorong‘u va yorug‘ kunlari egasimiz. Uni bir saboq singari puxta o‘zlashtirishimiz, amalga tatbiq etishimiz mamlakatimiz ta’lim siyosatining muhim bo‘lagiga aylanib bormoqda.

Prezidentimiz o‘z nutqlarida jadidlar faoliyatini qayta-qayta tilga olar ekan, ma’rifatparvar bobolarimizning yoshlarga til o‘rgatish, dunyoviy bilimlarni chuqur egallashlari borasidagi chora-tadbirlari ayni kundagi harakatlarimizning uzviy davomi bo‘lishini ta‘kidlab o‘tdi.

Buni qarangki, maktablarda boshlang‘ich sinflardanoq til o‘rganish masalasiga urg‘u berilishi jadidlar o‘qitish tizimining ham ajralmas qismi edi. Mahmudxo‘ja Behbudiy buni quyidagi ko‘rinishda asoslab beradi:

  1. Turkcha (o‘zbekcha) – uy va oila tili.
  2. Forscha – she’riyat tili.
  3. Arabcha – din tili.
  4. Ruscha – iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish tili.
  5. Jahon miqyosiga chiqish uchun Yevropa tillaridan biri – ingliz, fransuz yoki nemis tilini bilish lozim.

Boshlang‘ich sinflarda “Vatanparvarlik darsi”

Avvalo, eng katta vatanparvarlik maktabi – oila. Bola atrof-muhit, tarbiya va kurashuvchanlik xususiyatlarini oila qaramog‘ida o‘zlashtiradi. Yaqin o‘tmishimizga nazar solsak, turkiy xalqlarda bolalarga yangi tug‘ilgan hayvonni biriktirib qo‘yish (buzoq, echki, qo‘y) an‘anasi bo‘lib, bunda uy hayvoni to‘liq bolaning nazoratida bo‘ladi. Bola har doim unga g‘amxo‘rlik qilib, u bilan birga unib-o‘sgan. Bu usul bolaga, avvalo, chorva mollarini parvarish qilish bo‘yicha dastlabki saboqlarni bergan bo‘lsa, keyinchalik uning ot minish, ov qilish, turli qurollardan mohirona foydalanish ko‘nikmalarini ham shakllantirib borgan. Eng asosiysi, bolada o‘ziga tegishli bo‘lgan mulkni asrash, himoya qilish refleksi paydo bo‘lgan.

Ikkinchi dargoh – shubhasiz maktab. E‘tirof etish joiz, mamlakatimizda ham yaqin yillar ichida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun zamonaviy va yangi darsliklar yaratish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish borasida ortga qaytmas qadamlar tashlandi. Masalan, 1–4-sinflar uchun yaratilgan yangi zamonaviy maktab darsliklari 4K modeliga asoslangan innovatsion yondashuv asosida ishlab chiqildi. Ushbu metodologiya bolalarning har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan bo‘lib, ularda kreativ fikrlash, ijodiy yondashuv, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘mak beradi.

Afsuski, bu borada hali amalga oshirish kerak bo‘lgan ishlarimiz talaygina. Termiz davlat universiteti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi Xo‘shboq Norbo‘tayev o‘zining “Kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarni darslar va darsdan tashqari mashg‘ulotlarda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash” maqolasida kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarni darslar va darsdan tashqari mashg‘ulotlarda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi atroflicha ishlab chiqilmagani, kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarni darslar va darsdan tashqari mashg‘ulotlarda vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga oid mukammal metodik adabiyotlar chop qilinmaganini ta‘kidlab o‘tadi.

Albatta, boshlang‘ich sinflarda darsdan tashqari vaqt ham alohida tarbiya metodi uchun qulay fursat hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-iyun, 267-sonli qachon qabul qilingan? “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridagi besh bosqichli konsepsiyaning  birinchi bosqichida 3-7 yoshdagi bolalarni o‘qitish tizimiga oid muhim yo‘nalishlar belgilab beriladi.

Ya‘ni bolalarning o‘z tuyg‘ularini, xatti-harakatini boshqarish ko‘nikmalari, shaxsiy fazilatlari asoslari, ijtimoiy motivlar va milliy an’analarga qiziqishlarining paydo bo‘lishi, o‘zini namoyon etish hamda muvaffaqiyatga erishish kabi ehtiyojlarini inobatga olib, maktabgacha ta‘lim tashkilotlarida qator tadbirlar amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur bosqichda bolalar bilan milliy g‘urur, mehnatsevarlik, Vatanga muhabbat va uni himoya qilish, davlat ramzlari, buyuk ajdodlarimiz, tarixiy obidalarimizga hurmat, o‘zaro yordam, mehribonlik kabi oliyjanob fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan she’r, ertak, kuy-qo‘shiqlarni, sport va milliy o‘yinlarni o‘rgatish, teatrlashtirilgan sahna tomoshalarini namoyish etishni o‘zida mujassam etgan tadbirlar o‘tkaziladi.

Albatta, boshlang‘ich sinflarda o‘quvchi, eng avvalo, Vatan muqaddasligini muhim qadriyatlar timsolida anglashni boshlaydi. Masalan, Mustaqillik bayrami, Konstitutsiya kuni, Vatan himoyachilari kuni, Navro‘z, Mehrjon bayramlari, bayroq, gerb, madhiyamiz qabul qilingan sanalar, buyuk allomalarimizning tavallud kunlari o‘quvchilarda Vatanga e’tiqodni shakllantirish borasidagi muhim qadamlar hisoblanadi.

Bu borada konsepsiyada belgilanganidek, buyuk tariximiz, ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarning jahon sivilizatsiyasi hamda harbiy san’at rivojiga qo‘shgan hissalari, Vatan ozodligi va mustaqilligi yo‘lida jonfido qilgan yurtdoshlarimiz ko‘rsatgan vatanparvarlik va qahramonlik, ulardagi sadoqat, fidoyilik, matonat hamda jasorat kabi xislatlarni, shuningdek yurt, oila, ota-ona va farzandlar himoyasi xalq va ajdodlar xotirasi oldida muqaddas burch ekanini yoshlar ongiga singdirish kabi amaliy tadbirlar ham olib borilmoqda.

Yozuvchi M. Gorkiy “Adabiyot – bolalarga” maqolasida maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar kitobining qanday bo‘lishi kerakligi haqida to‘xtalar ekan, sodda va ayni vaqtda yuksak badiiy mahorat bilan yozilgan, o‘yinlar, hisoblashlar, qiziqtirishlar uchun material beradigan she’rlar kerakligini ta’kidlagan edi.

O‘zbek adabiyotida bolalar tarbiyasi va ularda vatanparvarlik xislatlarini oshiruvchi kattagina meros borki, ular har qanday “Odobnoma” darslarini bezay oladi. Abdulla Avloniy, Hamza, Elbek, G‘. G‘ulom, Oybek, H. Olimjon, G‘ayratiy, Zafar Diyor, Po‘lat Mo‘min, Quddus Muhammadiy, Yaqubjon Shukurov, Qudrat Hikmat, Asqad Muxtor, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Latif Mahmudov, Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon va Hamza Imomberdiyev kabi adiblarning vatanparvarlik ruhi singdirilgan sodda she‘r va hikoyalari bola ruhiyatining ilk tarbiyachisi bo‘lib xizmat qila oladi.

Biz yuqorida tilga olgan sa‘y-harakatlar ta‘limning dastlabki yo‘nalishlariga oiddir. Keyingi bosqichlarda yoshlarga nafaqat ta’lim berish, balki milliy armiyamiz bilan hamkorlikda chinakam mard o‘g‘lonlar tayyorlash masalalarini ko‘zda tutadi.

Kapitan Bobur ELMURODOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti