Yoshlari vatanparvar yurt osoyishta, obod va farovon boʻladi

0
1190

Termiz shahridagi “Vatanparvarlar” bogʻida yoshlar uchun harbiy-vatanparvarlik festivali boʻlib oʻtdi.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 12-yanvar kuni Xavfsizlik Kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan kengaytirilgan yigʻilishida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yuzasidan ham aniq topshiriqlar berilgan edi.

Shunga muvofiq Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug Termiz garnizoni harbiy qismi tashkil etgan tadbirda Angor tumani va Termiz shahrida viloyatdagi kuch tuzilmalariga biriktirilgan ogʻir toifadagi hamda probatsiya hisobida turuvchi yoshlar, Angor tumanidagi koʻzi ojiz bolalar maktab-internati oʻquvchilari ishtirok etdi.

“Oʻzbekiston—2030” strategiyasini sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish doirasida bunyod etilgan yangi bogʻ oʻziga xos dizaynga ega boʻlib, harbiy texnika va qurol-aslahalarni namoyish etish maydoni, harbiylashtirilgan toʻsiqlar yoʻlagi, yoshlarda tezlik, kuch, epchillik, chaqqonlik, aniqlik, chidamlilik va qatʼiyatlilik kabi xislatlarini rivojlantirib, jismonan sogʻlom boʻlishga koʻmaklashadigan “Mardlar yoʻlagi” qurilgan. “Workout” maydoni, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarishda halok boʻlgan 28 nafar harbiy xizmatchi xotirasiga bagʻishlab, mangu olov porlab turgan aylana shaklidagi xotira burchagida siymolari aks etgan “Qahramonlar nomi barhayot” burchagi tashkil etilgan. 3,8 gektar maydonda qad rostlagan harbiy-vatanparvarlik bogʻi viloyat yoshlarining qiziqish va intilishlari eʼtiborga olinib, vatanparvarlik, madaniy hordiq, sport va maʼnaviy ozuqa hududlariga ajratilgan.

Bogʻning boshqa dam olish maskanlaridan farqi shundaki, bu yerda yoshlar ong-u shuurida harbiy-vatanpvarlik va milliy ruhni ulgʻaytib, ularni Vatanga sadoqat, yurtga muhabbat va buyuk ajdolarimiz jasoratiga hurmat tuygʻusi bilan tarbiyalash uchun barcha sharoit yaratilgan.

Janubdagi vohada yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish uchun viloyatdagi kuch tuzilmalari hamkorligida kompleks chora-tadbirlar belgilab olingan. Unga koʻra, viloyatdagi har bir maktab va mahalladagi yoshlarning harbiy-vatanparvarlik arbiyasi uchun kuch tuzilmalari va huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari masʼul etib belgilangan. Jumladan, oʻtgan yili bu boradagi ishlar samaradorligini taʼminlash uchun keng jamoatchilik va harbiy xizmatchilar tarkibidagi targʻibot guruhlari ishtirokida mahallalar, taʼlim muassasalari, sayilgohlarda mingdan ortiq targʻibot tadbiri tashkil etilib, 50 mingga yaqin oʻquvchi, 20 mingdan ortiq uyushmagan yoshlar qamrab olindi.

Yoshlarni harbiy kasbga yoʻnaltirish hamda Qurolli Kuchlarining yaratilish va rivojlanish tarixi bilan tanishtirish 200 dan ziyod ochiq eshiklar kuni uyushtirilib, harbiy qismlarda qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyish etildi. Tinchligimiz posbonlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Viloyat oʻgʻil-qizlarining eng sevimli maskanlaridan biriga aylangan yangi bogʻda tashkil etilgan festival yoshlarda katta qiziqish oʻygʻotdi. Ular koʻrgazmadan oʻrin olgan harbiy texnika va qurol-yarogʻlar bilan tanishdi. Harbiy xizmatchilar bilan dildan suhbatlashib, ularning jasoratga toʻla hayotlari haqida qiziqarli va sharafli maʼlumotlarga ega boʻldi.

Tadbirda Xayrabod garnizoni faxriy qoravul shaxsiy tarkibining sahna koʻrinishlari yoshlarda boy taassurot oʻygʻotdi. Harbiy orkestr ona Vatan, muhabbat, sadoqat va jasoratni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlar ijro etdi.

Akbar Ahmedov, Termiz garnizoni