Qoraqalpogʻistonda muzey xodimlari bilan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

0
1066

“Vatanparvarlik oyligi” munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Qoraqalpogʻiston tarixi va madaniyati davlat muzeyi hamkorligida “Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyining yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi oʻrni” mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻmondonligi, muzey xodimlari, harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad muzeylar, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston tarixi va madaniyati muzeyining yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi oʻrni hamda bugungi kundagi faoliyati bilan yaqindan tanishtirib oʻtishdan iborat boʻlib, madaniy maskan xodimlari bu borada keng va atroflicha maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Darhaqiqat, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Vatan tarixining oʻrni beqiyos. Oʻzbekiston tarixi bilan uygʻun Qoraqalpogʻiston tarixining boy va uzoq oʻtmishi, madaniyati va sanʼati oʻziga xos tarzda shakllangan boʻlib, yosh avlod Alpamis, Yedigey, Shariyar, Qoblan, Gulayim, Toʻmaris kabi qahramonlarning sarkardalik salohiyati, vatanparvarlik, insonparvarlik hislatlaridan faxrlanib ulgʻaymoqda.

Tadbir chin maʼnoda vatanparvarlik kayfiyatiga boy, mazmunli oʻtdi. Xizmatchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi. Tarix bilan hamnafas yaratilgan videolavhalar hamda konsert dasturi namoyishi askarlarda katta taassurot qoldirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati