Jadidlar konsepsiyasini davom ettirish – ma’naviy burchimiz

0
2068

Har qanday sohada yangilik qilish, ijodkorlik (kreativlik) namoyon etish, sohani yuksaltirish muhim vazifadir. Bugun jadidchilik tushunchasi asosiy diqqat markaziga chiqib turibdi. Buning sababi aynan yangilik qilish, millat tafakkurini yuksaltirishdir. Prezidentimizning madaniyat va ma’naviyat ahli bilan uchrashuvida aynan jadidlarning bugungi jamiyatimizga yetishmayotgani, ilg‘or zamonamizda jadidlar kerakligi xususida muhim fikrlar aytib o‘tilgani tahsinga loyiq.

O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo “Jadidlar” she’rida shunday yozadi:

Shaxsiy namuna yo‘q, chunki Ibrat yo‘q,
Olimlar juda ko‘p, bitta Fitrat yo‘q,
Shu sabab majol bor, kuch bor, qudrat yo‘q,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.

Bu gaplar ayni haqiqat. Har sohaning o‘z jadidlari bo‘lishi kerak. Bugun bizga Is’hoqxon Ibratlar, Abdurauf Fitratlar, Abdulhamid Cho‘lponlar, Abdulla Avloniylar zarur. Prezidentimiz jadidlar haqida so‘z yuritib, chindan ham mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi G‘arb ilm-fani yutuqlari bilan birga milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarurligini ta’kidladi.

“Jadid” so‘zining lug‘aviy ma’nosi “yangi” deganidir. Jadidchilik harakati Ismoil Gasprinskiy tarafidan asos solingan yangi – jadid usulga asoslangan yangi maktabdan boshlandi. Birinchi jadid maktabi Gasprinskiy tomonidan 1884-yili Qrimda, Bog‘chasaroyda ochilgan bo‘lsa-da, ayrim tadqiqotlarda jadidchilik XIX asr boshlarida yuzaga kelgan, degan fikrlar uchraydi. O‘zbek matbuoti Turkiston tarixidagi jadidchilik harakati bilan juda tabiiy bog‘lanadi. Aslida, jadidchilik ancha chuqur, murakkab, ziddiyatli, ayni damda yangiliklarga, ezgu orzu-niyatlarga, amaliy faoliyatlarga to‘la bir ijtimoiy-siyosiy, adabiy-ma’rifiy harakatdir.

O‘tgan asr boshlarida Turkistonda ijtimoiy-siyosiy vaziyat ancha tang ahvolda bo‘lib, u mamlakat taqdiridan xavotirga tushgan ilg‘or ziyolilarni birlashishga va millatni uyg‘otish uchun harakat qilishga undadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulvahob Burhonov, Fayzulla Xo‘jayev, Ashurali Zohiriy, Ubaydulla Xo‘jayev singari jadidlar bu ishga bel bog‘ladilar. Ularning sa’y-harakati bilan Turkiston va Buxoro amirligida “Turon”, “G‘ayrat”, “Qat’iyat”, “Birlik”, “Turk o‘chog‘i”, “Tarbiyat ul-atfol” singari jamiyatlar paydo bo‘ldi. Ushbu jamiyatlar faoliyati natijasi o‘laroq ijtimoiy sohalarda qator o‘ziga xos yangiliklar shakllana boshladi. O‘z navbatida, bu kabi sa’y-harakatlarning qonuniy natijasi o‘laroq mamlakatda  yangi bir oqim paydo bo‘ldi.

Turkistonning ijtimoiy hayot maydoniga madaniy-ma’rifiy oqim sifatida kirib kelgan va o‘z oldiga eski maktabni isloh qilishni maqsad qilib qo‘ygan jadidchilik keng ijtimoiy harakat sifatida shakllangan. XIX asrning oxirlari va XX asrning boshlariga kelib, jamiyatning eng ilg‘or fikrli qatlamlari qarashlarini aks ettirgan milliy uyg‘onish muayyan mafkura sifatida, birinchi navbatda, ma’rifatchilikda ko‘rindi. Ana shu mafkuraning jarchilari bo‘lgan jadidlar esa keng miqyosli amaliy faoliyat bilan o‘z g‘oyalarining jamiyat hayotida qaror topishi, mustahkamlanishi va oxir-oqibat, ular ko‘zlagan milliy ozodlik, siyosiy mustaqillik uchun zamin yarata boshladilar. Bu butun Turkiston xalqining ijtimoiy-siyosiy tafakkuri taraqqiyotida yangi bir bosqich edi.

Dastlab mustamlaka hukmronligiga qarshi kurashish uchun ijtimoiy milliy ongni shakllantirishga bel bog‘lagan harakat namoyandalari bu yo‘ldagi eng katta to‘siq bo‘lgan diniy mutaassiblik, jaholat, qoloq turmush tarzi, iqtisod, madaniyat va ma’naviyatning chirkin ko‘rinishlarini yo‘q qilish lozimligini juda erta tushundilar. Jadidchilik harakatining dastlabki bosqichi aynan mana shu kayfiyatni ifodalaydi. Ular o‘lkani qoloqlik va zulmdan ozod etishning bosh yo‘lini avvalo madaniy-ma’rifiy yo‘nalishda deb biladilar va yangi usuldagi maktablar ochish orqali xalqni yangi ijtimoiy-madaniy o‘zanga burishga intildilar. Ularning sa’y-harakatlari natijasida juda tez fursatda yangi maktablar faoliyat boshladi va o‘ziga xos uslubda ma’rifiy ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Jadidlar millat tafakkurini yuksaltirish harakatida bo‘ldilar, milliy ozodlik g‘oyalarini ilg‘or targ‘ib etdilar. Ular xalqimizni ozod va hur bo‘lishga da’vat qildilar. Yurt ozod bo‘lishi, mamlakat farovon bo‘lishi uchun tinmay harakatda bo‘ldilar. Jadid ziyolilari uchun eski usuldagi maktablarni isloh etish, badiiy adabiyotni yangi o‘zanga solish, teatr sahnasidan ibratxona o‘rnida foydalanish naqadar muhim bo‘lsa, milliy matbuot tashkili va taraqqiysi ham shu darajada ahamiyatli edi. Samarqandlik jadid Hoji Muin ta’kidlaydi: “Matbuot bir millatni uyg‘otish uchun birinchi omil bo‘lg‘onidek, uning tarixi ham “uyg‘onish davri” tarixining muhim bir bo‘lagi sanaladur”. Darhaqiqat, matbuot o‘zbek jadidchilik davri tarixida juda muhim o‘rin tutadi.

1906-yili jadidlarning birinchi “Taraqqiy” gazetasi chiqarildi. Biroq “Taraqqiy” gazetasining faoliyati nihoyatda qisqa bo‘ldi. Yigirma soni chiqqandan keyin gazeta yopib qo‘yildi. Shundan keyin Munavvar qorining “Xurshid” (1906-yil, sentabr), Abdulla Avloniyning “Shuhrat” (1907-yil, dekabr) gazetalari chiqarila boshlandi. Biroq bu gazetalarning ham faoliyati uzoqqa cho‘zilmaydi. O‘z g‘oyalari, maslaklari targ‘ibi uchun naqadar foydali ekanini chuqur anglagan jadidlar matbuot yo‘lida sa’y-harakatdan to‘xtamadi. “Tujjor”, “Osiyo”, “Samarqand”, “Sadoyi Turkiston”, “Sadoyi Farg‘ona”, “Tirik so‘z” kabi gazetalar yonida Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyina” jurnali paydo bo‘ldi. 1913–1915-yillarda “Oyina” jurnalining oltmish sakkiz soni bosildi.

Jadidlar faqat gazeta bilan cheklanib qolmadi. Ular yangi usul maktablari va teatrlar tashkil qildilar. Millatni uyg‘otish, tafakkurini yuksaltirish, ozodlik sari boshlash uchun san’at va adabiyotdan faol foydalandilar. Mamlakatni ma’rifat sari yetaklashga bel bog‘lagan ushbu harakat namoyandalari o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun faqatgina maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish kam ekanini juda erta angladilar. Ularning orzu-niyatlarini amalga oshirish uchun juda keng qamrovli faoliyat zarur edi. Mana shu hayotiy ehtiyoj va zaruriyat tufayli bu harakat tarafdorlari teatr san’ati tomon yuz burdilar.

O‘zbek teatrining shakllanishida jadidchilik harakati tarafdorlari, xususan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonovning xizmati katta bo‘ldi. Aynan ularning sa’y-harakatlari tufayli juda tez fursatda teatrlar tashkil etildi. Ilk o‘zbek teatri deb ataladigan “Turon” truppasi o‘zining birinchi mavsumini Mahmudxo‘ja Behbudiy qalamiga mansub “Padarkush yoxud o‘qimagan bolaning holi” spektakli bilan boshlagan. “Padarkush” dramasida jaholat botqog‘idan xalos bo‘lish, qabohat domiga tushmaslikning yagona yo‘li ilm va ma’rifat ekani uqtiriladi.

Jadid ma’rifatparvarlarining qarashlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning aksariyati oilada tarbiyani to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga jiddiy e’tibor qaratganlar. Ulug‘ jadid ma’rifatparvari Abdurauf Fitrat qayd etganidek: “Ota-ona o‘z farzandining tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishi kerak, ammo farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanadigan ota-onaning, avvalo, o‘zlari tarbiya ko‘rgan, farzand tarbiyasi haqida muayyan bilimga ega bo‘lishlari kerak, ularning har ikkisi o‘z vazifasini, ota-onalik burchini  mukammal ado etishlari, toki ular farzandni jisman, aqlan va axloqan kamolga yetishtirib, hayot maydoniga kuchli, aqlli va yaxshi axloq bilan chiqarishi zarur”. Zero ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan bebaho didaktik meros yoshlar ta’lim-tarbiyasida muhim omil vazifasini o‘taydi. Bugungi kunda ular tomonidan yaratilgan ta’lim-tarbiya usullarini xorijiy ilg‘or tajribalar bilan uyg‘unlashtirish va ta’lim jarayonida unumli foydalanish, o‘z navbatida, ta’lim jarayonida kutilgan samaradorlikka erishish imkonini beradi. Bugungi kunda globallashuvning tobora avj olishi tarbiyaga yangicha va tizimli yondashuvni taqozo etmoqda. Hozirgi paytda dunyo miqyosida keskin tus olib borayotgan shiddatli raqobatga faqat innovatsion-kreativ yutuqlarni keng targ‘ib qilish hamda ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy meros orqali munosib javob berish strategik vazifa sifatida kundalik faoliyatimizda ustuvor yo‘nalishga aylanmoqda. Binobarin, ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ma’naviy meros yosh avlodni tarbiyalashda biz, avlodlarga g‘urur bag‘ishlaydi va insonlar qalbidagi Vatan mehri oliy qadriyat ekanini anglatadi.

Muyassar SAIDOVA,
erkin tadqiqotchi.
“Vatanparvar” gazetasining 2-sonidan olindi.