“Men gʻolib” ommaviy yugurish musobaqasida Mudofaa vazirligi jamoasi gʻoliblik va kubok sohibi boʻldi

0
2429

Bugun, 14-yanvar tongida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati “Men gʻolib” shiori ostida Humo Arena sport majmuasi hududida 3 va 10 kilometrlik masofaga ommaviy yugurish musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Marafon Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi va Prezident Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa tashkilotlar ishtirokchilaridan tuzilgan jamoalarni bir shior ostida birlashtirdi.

Sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, vatanparvarlik tuygʻularini yanada mustahkamlash, namuna va tashabbus koʻrsatishni maqsad qilgan ishtirokchilar yakkalik, jamoaviy ommaviy yugurish musobaqasida o‘z kuchlarini sinovdan oʻtkazishdi.

Hayajonga boy musobaqa yakunida Mudofaa vazirligi jamoasi 3 va 10 kilometr masofada erkaklar va ayollar oʻrtasidagi yakkalik va jamoaviy bahslarda yuqori natija qayd etib, umumjamoa hisobida mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Eng quvonarlisi, Mudofaa vazirligi jamoasi marafonning mutlaq gʻolibi sifatida kubok sohibiga aylandi.

Mard oʻgʻlonlar bayrami nishonlanayotgan shunday bir kunda ishonchli gʻalabaga erishish bu barcha harbiy xizmatchilarga a’lo kayfiyat baxsh etdi.

Marafon yakunida musobaqa peshqadamlari qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti