“Xalqlar do‘stligi” saroyida Vatan himoyachilari kuni tantanali nishonlandi

0
2554

Poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillari va keng jamoatchilik ishtirok etdi. Mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbanov davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

Darhaqiqat, ushbu shodiyonalar oldidan Prezidentimiz farmoyishiga asosan mamlakatimiz bo‘ylab “Yangi O‘zbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak g‘urur va sadoqat timsolidir!” degan ustuvor g‘oya ostida vatanparvarlik oyligi tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu ommaviy tadbirning 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida o‘tkazilishida ham juda katta ma’no bor. Vatan himoyachilari sizu bizning tinch, xotirjam va farovon hayotimizni ishonchli himoya qilib kelmoqda. Mas’uliyatli va sharafli burchini sidqidildan ado etayotgan, hayotimizning barqarorligiga kamarbasta bo‘layotgan navqiron o‘g‘lonlarimizni har qancha e’zozlasak ham kam.

Bayram tadbirida harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar san’at elementlarini o‘zida jamlagan va Qurolli Kuchlar qudratini namoyish etuvchi, vatanparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Xushovoz xonandalar, taniqli san’atkorlar, harbiy orkestr, badiiy va havaskorlik jamoalari ijrosidagi ona Vatanni ulug‘lovchi kuy va qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti