Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

0
4541

Yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda 14-yanvar — Vatan himoyachilar kuni munosabati bilan tantanali tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shunday tadbirladan biri bugun erta tongdan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tdi.

Unda respublikamizdagi barcha kuch tuzilmalarining rahbarlari ishtirok etib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydilar.

Shuningdek, bugun, 13-yanvar kuni Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida ham tantanali bayram tadbir tashkil etildi. Unda mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, vazir oʻrinbosarlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqan mudofaa vaziri tizimda olib borilayotgan izchil islohotlarga urgʻu berar ekan, aynan armiya saflarida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning kasbiy mahorati, tajribasi va fidoyiligi hamda vatanparvarligini alohida eʼtirof etib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish, milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy-maʼmuriy sektorlar va mudofaa sanoati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha qo‘ygan topshiriqlarini amalga oshirish ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, bosh prokuror o‘rinbosari — respublika harbiy prokurori Botir Qudratxo‘jayev ham so‘zga chiqib, mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini, harbiy xizmatchilarning huquqlarini ta’minlash va ularning ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratilayotgani haqida so‘z yuritdi.

 

Tantanali tadbir davomida “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilgan “Eng ilgʻor kasb ustasi” koʻrik-tanlovining “Eng ilgʻor harbiy qism komandiri”, “Eng ilgʻor batalyon komandiri”, “Eng ilgʻor vzvod komandiri” va “Eng ilgʻor guruh komandiri” nominatsiyasi gʻoliblari eʼlon qilindi va munosib taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti