Qoraqalpogʻistonda “Vatan tayanchi” otryad aʼzolariga koʻkrak-nishonlar berildi

0
1884

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganing 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida Nukus shahridagi “Vatan tayanchi” bolalar va oʻsmirlar harbiy-vatanparvarlik harakatining 200 nafardan ziyod aʼzolariga koʻkrak-nishon va sertifikatlar tantanali topshirildi.

Tantanali tadbirda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonining oʻrinbosari polkovnik Ulugʻbek Dusmatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, “Vatan tayanchi” harakati boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Akbar Yarmatov, oʻquvchi yoshlar va ularning otryad rahbarlari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar bugungi kun dolzarb muammosiga aylangan “ommaviy madaniyat” niqobi ostida turli yot gʻoyalar yoshlarimiz ongini zaharlab kelayotgani, ularning taʼsiri ostida oʻsib kelayotgan yosh avlod vakillari milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va anʼanalarimizga zid boʻlgan harakatlarni sodir etishga urinayotgani tashvishli ekanini taʼkidlashdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan “Vatan tayanchi” harakati yaratilgani ana shunday yot gʻoyalar taʼsirini kamaytirishga, yoshlarimiz oʻrtasida milliy madaniyatimizni yuksaltirishga, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatli ekani eʼtirof etildi.

Tadbir doirasida hozirda kontrakt boʻyicha hamda muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan harbiy xizmatchilar bilan yoshlar oʻrtasida “Armiya – hayot maktabi!” deb nomlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda harbiy xizmatchilar hamda muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlib, bugungi kunda talaba va mudom ish bilan taʼminlangan yoshlar oʻquvchilarga oʻz hayot yoʻllarini soʻzlab, armiya bergan imkoniyatlar haqida aytib berishdi.

Uchrashuv davomida Nukus shahrida joylashgan maktablarda “Vatan tayanchi” otryadlariga qabul qilingan 200 nafardan ziyod yoshlarga koʻkrak-nishonlar va aʼzolik sertifikatlari tantanali tarzda topshirildi. Yoshlarimiz mamlakatimiz kelajagi ekanligi taʼkidlanib, ularga ulkan zafarlar yor boʻlishiga tilak bildirildi.

Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri xonandalari tomonidan Vatanni tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar ijro etilib, yigʻilganlarga bayramona kayfiyat bagʻishlandi. Muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan qoʻl jangi va saf elementlari bilan koʻrgazmali chiqishlar oʻquvchilarda katta tassurotlar qoldirib, harbiylikka boʻlgan qiziqishini orttirdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati