Urganch garnizonidagi harbiy qismda bayramga yangi imoratlar ochildi

0
1738

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida qad rostlagan yangi inshootlar, ijtimoiy obyekt va binolar foydalanishga topshirilishi anʼanaga aylangan. Ana shunday ijobiy tashabbuslarni davom ettirgan holda bu yilgi yurt himoyachilarining bayramiga Urganch garnizonidagi harbiy qismlarning birida qorovulxona, nazorat-texnik punkti, jangovar va harbiy texnikalarni saqlash uchun yopiq turdagi bokslar hamda qorovul shaxsiy tarkibini tayyorlash shaharchasi qayta qurilib, foydalanishga topshirildi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini isloh etish orqali harbiy qism va muassasalardagi harbiy obyektlarning infratuzilmasini takomillashtirish, eskilari oʻrniga yangilarini barpo etish, qoʻshimcha oʻquv obyektlarini barpo etish ishlari samarasi oʻlaroq bugungi kunda harbiy xizmatchilarning jangovar-xizmat, oʻquv-tarbiyaviy jarayonlari tubdan yaxshilanib, joylarda zamonaviy shart-sharoitlar yaratilishiga erishilmoqda.

Obyektlarning foydalanishga topshirish marosimida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov, Qurolli Kuchlar faxriylari, quruvchilar hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. Yaratilgan bunday imkoniyat va qulayliklar yurt himoyachilarining ijtimoiy himoyasi yoʻlidagi navbatdagi amaliy ishlar ekani tadbir davomida taʼkidlandi.

Harbiy, jangovar va maxsus texnikalarni saqlash uchun moʻljallangan parkning muhim elementi hisoblangan nazorat-texnik punkti hamda texnikalarni sovuq va issiqdan, yomgʻir va qordan, chang-toʻzondan himoyalash, doimiy jangovar shay va soz holatda ushlab turishni taʼminlashga moʻljallangan bokslar barcha qulay sharoitlar bilan bunyod etilgani eʼtirof etildi.

Tadbir davomida mehmonlar harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan qulay va shinam sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Ushbu obyektlarning sifatli qurilishini taʼminlab bergan quruvchilarga minnatdorchilik bildirildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati