Qoraqalpogʻistondagi eng olis ovullarga harbiy xizmatchilar mehr-saxovat ulashdi

0
3082

“Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida yurtimiz boʻylab keng oʻtkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida harbiy xizmatchilar tomonidan saxovat va koʻmak tadbirlari xalq bilan armiya yakdilligini namoyish etib kelmoqda.

Olis manzillardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi sust boʻlgan qishloq va ovul ahliga amaliy yordam koʻrsatish, ular holidan xabar olish, moddiy va maʼnaviy koʻmak berish maqsadida Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tashabbusi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus tumanidagi “Aqterek”, “Taqirkoʻl”, “Qirantau”, “Kerder” mahalla fuqarolar yigʻinlarida boʻlib oʻtdi. Harbiylar tomonidan tashkil etilgan “Mehr harakati” aksiyasi Nukus shahrida istimoqat qilayotgan xonadonlarga ham yetib bordi. Jami 93 oilaga moddiy va maʼnaviy koʻmaklar berildi.

Ana shunday xayriya aksiyalari doirasida mahallalarda “Armiya va yoshlar” uchrashuvlari, festival va konsert dasturlari oʻtkazilib, vatanparvarlikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar, shodon navolar ovul ahli va oʻquvchilarga bir olam shodlik ulashib kelmoqda.

Ushbu tadbirlarda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ishtirok etib, bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sodiqlik, fidoyilik ruhida tarbiyalash kabi olijanob maqsadlar mujassam ekanligini taʼkidladi. Farzandlarimiz hech kimdan kam boʻlmay kamol topishi uchun barcha kuchlar safarbar etilayotganini eʼtirof etdi.

Qoniratkoʻlliklarga salomatlik ulashish maqsadida kelgan Nukus harbiy gospitali mutaxassislari tomonidan aholi va bolalar uchun begʻaraz tibbiy koʻriklar oʻtkazilib, tezkor laboratoriya tashhisi, ultratovushli apparat tekshiruvi hamda boshqa shifokorlarning sayyor qabuli tashkil etildi.

Harbiy xizmatchilardan iborat saxovat guruhi tomonidan ijtimoiy himoyaga birinchi navbatda muhtoj boʻlgan vatandoshlarimiz uylariga borilib, ular holidan xabar olindi, moddiy va maʼnaviy yordam berildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati