Mard va jasur Vatan himoyachilarining onalari hamisha sharafga munosib

0
7436

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32-yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostida “Vatanparvarlik oyligi” oʻtkazilmoqda. Harbiy qismlarda turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilyapti. Ayniqsa, “Askar onalarini sharaflaymiz” shiori ostida tashkillashtirilayotgan tadbirlar doirasida muddatli harbiy xizmatchilarning ota-onalari bilan uchrashuvlar uyushtirilishi burchiga sodiq yigitlar uchun eng qimmatli bayram sovgʻasi boʻlmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardar biri Toshkent viloyatida yigitlik burchini oʻtayotgan jizzaxlik oʻgʻlonlar bilan ularning ota-onalari va yaqinlari bilan oʻtkazildi. Shu kungi tadbir davomida ota-onalar koʻzida quvonch yoshlari paydo boʻldi. Hatto, ayrim yigitlar mazkur tadbir ularda hayot yoʻlini tanlashda ham ahamiyatli boʻlganini hayajon bilan soʻzladi.

–Oʻgʻlim Oybekjon doim tirishqoq boʻlgan, oʻz vazifasiga masʼuliyat bilan yondashgan. Bugun uning komandirlari va xizmatdoshlaridan oʻgʻlim haqida iliq gaplarni eshitib yanada xursand boʻldim. Vatan himoyachilari kuni arafasida bunday uchrashuv tashkil etilishi butun oilamiz uchun kutilmagan bayram sovgʻasi boʻldi. Farzandini ona yuragi doim sogʻinaveradi. Mana shunday tadbirni tashkil etgan barcha-barchaga minnatdorchilik bildiraman. Nasib etsa, xizmatni tugatib Oʻzbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga oʻqishga kirmoqchi va otasi kabi ofitserlik libosini kiyish orzusi, – deydi Zebo Tursunboyeva.

Vatanga munosib xizmat qilayotgan, namunali odobi, qatʼiy tartib-intizomi, sport sohasida erishgan natijalari uchun askarlar ota-onalariga qism komandirining tashakkurnomasi topshirildi. Muddatli harbiy xizmatchilar onalari bilan suhbatda harbiy qismda yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar haqida soʻzlab, xizmatda erishgan yutuqlarini sanab oʻtildi. Farzandlari muvaffaqiyatidan gʻururlangan onalar komandirlarga oʻzlarining cheksiz minnatdorligini bildirdilar.

Asror Ro‘ziboyev, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti