Oʻzbekiston va Hindiston harbiy shifokorlari tajriba almashmoqda

0
2079

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida Hindiston Mudofaa vazirligi mutaxassislari bilan hamkorlikda sohaga oid yangiliklar bo‘yicha tajriba almashildi.

Dastavval, yurtimizga tashrif buyurgan mehmonlar bilan tibbiy xizmat polkovnigi Hudoyqul Rahimqulov boshchiligida tanishuv va samimiy suhbat boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng, delegatsiya aʼzolari harbiy gospitalda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi hamda oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan tibbiyot sohasi mutaxassislariga yuzlandi.

Katta majlislar zalida boʻlib oʻtgan konferensiya ikki mamlakat soha mutaxassislarini bir gʻoya ostida birlashtirdi. Soʻz olganlar gap inson salomatligi ustida borar ekan, millati, dini, irqi, jinsi va eʼtiqodidan qatʼiy nazar, tibbiyot xodimlari bir soniya boʻlsin izlanish va yangilanishdan toʻxtamaydigan soha ekanligiga urgʻu berdilar. Shuning uchun harbiy shifokorlar soha yangiliklaridan boxabar boʻlib, tibbiyot sohasi rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganishdan toʻxtamasligi lozimligi ta’kidlandi.

Konferensiyaga moderatorlik qilgan Markaziy harbiy klinik gospitali boshligʻi ushbu tibbiyot muassasasining uzoq yillik tarixi, islohotlar natijasida eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan buguni hamda istiqbolli ertasi haqida delegatsiya aʼzolariga ma’lumot berdi. 

Keyingi bir necha kun davomida yurtimizda mehmon boʻlib turgan Hindiston delegatsiyasi a’zolari o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikda murakkab jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazishi rejalashtirilgan.

Sherzod Sharipov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti