Muzeyda uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi

0
1549

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida “Uch avlod uchrashuvi” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.

Mudofaa vazirligi Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi axloqiy-ruhiy ta’minot boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati rahbari polkovnik Bahrom Zulfiqorov, Mudofaa vazirligi faxriylar bo‘yicha markaziy kengashi raisi polkovnik Abubakir Navro‘zov, iste’fodagi general-mayor Rahmatulla Otaxonov, iste’fodagi polkovniklar Murod G‘afurov, Yo‘ldoshali Rahmonov, Muhiddin Qodirov o‘z hayotiy tajribasi asosida yosh avlod bilan samimiy suhbat qurdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda muddatli harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 148, 171-umumta’lim maktablari o‘quvchilari, “Vatan tayanchi” otryadi a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga umrini Vatan himoyasiga bag‘ishlagan, boy hayotiy tajribaga ega mutaxassislardan batafsil javob oldilar. Markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan namoyish etilgan musiqiy dastur barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Uchrashuv yakunida bir guruh faol yoshlarga esdalik sifatida kitoblar jamlanmasi, faxriylarga esa tashakkurnomalar topshirildi. Tadbir doirasida Qurolli Kuchlari davlat muzeyi bo‘ylab ekskursiya tashkil etilib, o‘quvchilarning harbiy tarix hamda shonli o‘tmishimiz bo‘yicha bilimlari yanada boyitildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti