Har go‘shada bayram shukuhi

0
1316

Bugun alp erlarni qutlaydi zamin,

Qutlaydi lochinlar charx urgan samo.

Bugun ayyomidir Vatan mardlarin,

Ezgu tilaklarga har yurak oshno.

Yurtimiz boʻylab 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni, Qurolli Kuchlarimizning 32 yilligi keng koʻlamda nishonlanmoqda. Umumxalq bayramiga aylangan ushbu ayyom munosabati bilan mamlakatimizning barcha goʻshalarida, davlat va jamoat tashkilotlarida Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, vatanparvarlik ruhidagi tanlovlar, davra suhbatlari boʻlib oʻtmoqda. Mana shunday tadbirlardan biri Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida amalga oshirildi.

“Mening armiyam – mening faxrim!” mavzusidagi bayram tadbirida Qurolli Kuchlar faxriylari, akdemiyaning professor-oʻqituvchi va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbir Toshkent harbiy okrugi harbiy orkestrining jangovar ruhdagi otashin musiqalari ila boshlandi. Yaʼni tadbir mehmonlari musiqa sadolari ostida tashrif buyurishdi. Dillarni junbishga keltiruvchi jangovar sadolar vatanparvarlik ruhidagi suhbatlarga, ayyom qutlovlariga ulandi. Akademiyaning yoshlar bilan ishlash va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻlimi boshligʻi Toshpoʻlat Xoliqov talabalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatan tinchligi va taraqqiyotiga daxldorlik hissi doim barqaror boʻlishi borasida fikr bildirib, barchani ayyom bilan muborakbod etdi.

Bayram davrasida birin-ketin soʻz olgan Toshkent shahri Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi polkovnik Yoʻldoshali Rahmonov, Toshkent viloyati Faxriylar kengashi raisi isteʼfodagi podpolkovnik Orifjon Toʻlaganov hamda akademiyaning oʻquv ishlari boʻyicha 1-prorektori isteʼfodagi podpolkovnik Abduhalil Atamatov Qurolli Kuchlarimizning shakllanish tarixi, dastlabki davrdagi muammolar, bugungi kunda erishilayotgan natijalarga alohida toʻxtalib oʻtishdi. Milliy armiyamiz salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, harbiy sohadagi islohotlarning mazmun-mohiyati haqida fikr bildirishdi.

Shuningdek, faxriy mehmonlar oʻz soʻzida yoshlarni vatanparvarlik, shu jumladan, harbiy-vatanparvarlik, yuksak maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularning ongiga tinchlik va totuvlikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash zarurligini chuqur singdirish borasida toʻhtalib, “Xalq va armiya – bir tanu bir jon!” ezgu gʻoya asosida amalga oshirilayotgan ishlarga urgʻu berishdi. Milliy armiyamiz tarixini teran bilish har bir yosh uchun muhim ekanligi taʼkidlab oʻtishdi. Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, qilinayotgan gʻamxoʻrlik haqida soʻz yuritib, Vatan faqat qurol bilangina himoya qilinmasligi, har bir yosh oʻzi tanlagan mutaxassisligini mukammal egallash orqali ham oʻz yurtini himoya qila olishi mumkinligini alohida taʼkidlashdi.

Tadbir davomida Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar davraga oʻzgacha fayz kiritdi.

Kapitan Dilmurod Saparboyev boshchiligidagi Toshkent harbiy okrugi orkestri tomonidan ijro etilgan milliy musiqalar va orkestr yakkaxon xonandalari tomonidan kuylangan qoʻshiqlar, tadbirga oʻziga xos bayramona ruh bagʻishladi.

Tadbir yakunida barcha faxriylarga akademiyaning esdalik sovgʻalari topshirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti