Samarqanddagi “Prezident maktabi”da avlodlar uchrashuvi oʻtkazildi

0
1449

Keksa avlod vakillarini qadrlash, hurmat-ehtirom koʻrsatish va ularning koʻp yillik tajribasini yoshlarga oʻrgatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy qadriyatlarimizdan biridir. Ayniqsa, “Vatanparvarlik oyligi” doirasida faxriylar ishtirokida oʻtkazilayotgan uchrashuvlar yoshlarga sifatli taʼlim bilan hamohang ravishda harbiy-vatanparvarlik hislarini singdirayotgani bilan ham ahamiyatli.

Samarqand shahrida joylashgan “Prezident maktabi”da Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi munosabati bilan “Yangi Oʻzbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shior ostida oʻtkazilgan “Uch avlod uchrashuvi”da ham koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan faxriylar va harbiy xizmatchilar yoshlarni vatanparvarlikka undashdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, inson huquqlarini taʼminlash, aholi farovonligi yoʻlida olib borilayotgan xayrli ishlar, yosh avlod kelajagi yoʻlida barpo etilayotgan bunyodkorlik ishlari borasidagi erishilgan ijobiy natijalar hamda keksa avlod vakillarining boy hayotiy tajribalari oʻrtoqlashildi.

Shuningdek, yoshlar mamlakatimizdagi tinchlik, milliy armiyamizdagi oʻzgarishlar, mudofaa salohiyati, oliy harbiy bilim yurtlari hamda harbiy xizmatchilarimizning qoʻlga kiritayotgan ulkan yutuq va marralar haqida batafsil maʼlumot olishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati