Qoraqalpogʻistonlik askarlarning onalari sharaflandi

0
1030

“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishiga asosan mamlakatimiz boʻylab turli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Nukus garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Askar onalarini sharaflaymiz!” mavzusida boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasidan Toshkent garnizonidagi harbiy qismlarda yurtimizning turli goʻshalaridan kelgan muddatli harbiy xizmatchilar hamda barcha viloyatlardan videokonferens aloqa tizimi orqali onlayn qatnashayotgan ota-onalar ishtirok etdi.

Uchrashuvda yigitlik burchini oʻtayotgan askarlar oʻz ota-onalari va yaqinlari bilan real vaqt mezonida ekran orqali diydorlashish baxtiga musharraf boʻldi. Tadbir hayajonli va quvonchli lahzalarga boy oʻtdi. Toʻqqiz oydan buyon ming chaqirim olisda yurt himoyachisi degan sharafli nomga munosib oʻgʻlonlar safida harbiy xizmatni oʻtayotgan farzandini onlayn boʻlsa-da, koʻrib quvongan onalarning koʻzlarida quvonch yoshlari miltiradi. Qoraqalpogʻistonlik askarlar ota-onalari va yaqinlariga harbiy xizmatdagi shart-sharoitlardan soʻzlab, erishayotgan yutuqlari bilan maqtandi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maryam Axmedova, Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasining harbiy xizmatchilari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻiston Respublikasi mintaqaviy boʻlinmasi vakillari, harbiy xizmatchilar va ularning oilalari bilan ishlash boʻyicha mutaxassislar ishtirok etdi. Qoraqalpogʻistonlik askarlarning onalariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovgʻalar hamda harbiy okrug qoʻmondonligining tashakkur xatlari yetkazildi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati