Namanganda yangi harbiy shaharcha bunyod etildi

0
2332

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni arafasida Namangan viloyati Pop tumanidagi “Oqtepa” aholi yashash punktida 200 ga yaqin xonadondan iborat harbiy shaharcha foydalanishga topshirildi.

Kalitlarini topshirish marosimida mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari general-mayor Hamdam Qarshiyev, Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi vakillari, Pop tumani hokimligi mas’ullari, faxriy harbiylar, harbiy xizmatchilar oilalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tantanali tadbirda so‘z olgan mudofaa vaziri oʻrinbosari kelgusida bu yerda bolalar bogʻchasi, maktab, poliklinika, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarini ish oʻrinlari bilan taʼmingovchi infratuzilma barpo etilishga ishonch bildirdi.

Bayramona oʻtgan tadbirga respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari xonadon egalarining quvonchiga sherik boʻldilar. Shaharchadagi oʻyin maydonchalari bolajonlarning shodon qiyqiriqlariga toʻlib toshdi. Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan bunday ulkan sharoitlarni bolajonlar jajji qalblari bilan his etib turganligi ularning koʻzlarida aks etdi.

Harbiy shaharchada toʻy va bayram tantanalarini nishonlash uchun ham imkoniyatlar mavjudligi diqqatga sazavor. Yangi uylar kalitlarini topshirish marosimida yigʻilganlar bunga haqiqiy maʼnoda guvoh boʻlishdi. Chunki mehmonlar va xonadon egalariga bayramona dasturxon yozilib, doshqozonlarda osh tayyorlandi.

Tadbir davomida yangi xonadon egalariga kalitlar tantanali tarzda topshirildi. Mehmonlar yangi xonadonlarga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar uylariga kirib, ularga oilaviy baxt va omad tiladi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti