Yoshlarni bir joyga jamlagan harbiy-vatanparvarlik festivali

0
915

Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida joylashgan “Namuna” mahallasida “Yangi Oʻzbekiston armiyasi – mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir!” shiori ostidagi harbiy-vatanparvarlik festivali boʻlib oʻtdi.

Festivalda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz va Kakaydi garnizonlarida joylashgan harbiy qismlar harbiy xizmatchilari harbiy pensionerlar, yoshlar hamda mahalla aholisi ishtirok etdi. Dastlab “Vatanparvarlik karvoni” harbiy orkestr musiqa sadolari ostida “Namuna” mahallasining markaziy koʻchasi boʻylab 21-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga bordi.

Maktabda tashkil etilgan tadbirda soʻz olganlar harbiy xizmatchilar soʻnggi yillarda mudofaa tizimida olib borilayotgan ishlar xususida soʻz yuritdi.

Harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar va faxriy qorovulning chiqishlari hamda zamonaviy qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi yigʻilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, milliy qadriyatlarni oʻzida aks etirgan etnografik jamoalarning oʻlan-u laparlari barchaga birdek manzur boʻldi.

Tadbir soʻnggida front orti faxriylari, nuroniylar hamda birovning koʻmagiga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, ular bilan dildan suhbatlashildi.