Yurtimizning olis hududlaridan birida “Komandir va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi

0
1142

Yoshlarni ona yurtga sadoqat va vatanparvar qilib tarbiyalash davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan respublikamizning eng olis hududlaridan biri bo‘lgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoʻngʻirot tumanidagi harbiy qismda “Komandir va yoshlar uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

Hamkor tashkilotlar bilan o‘tkazilgan tadbirda tumanning “yoshlar daftari”ga kiritilgan 100 ga yaqin mahalliy yoshlari harbiy qism mehmoni boʻldi. Tadbir davomida yoshlarga qurol-aslaha va harbiy texnikalar koʻrgazmasi ham namoyish etildi.

Harbiy qism madaniyat markazida davom etgan tadbirda soʻzga chiqqanlar bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, milliy armiyamizda yoshlarga oid davlat siyosatining ijrosi va harbiy sportchilarimiz xalqaro arenalarda erishayotgan gʻalabalariga oid videoroliklar namoyish etildi.

Samimiy va ochiq muloqot tarzida oʻtkazilgan tadbir yakunida bir qator faol yoshlar harbiy qismning qimmatbaho va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.